Antibiotiklarga chidamlilik ortib bormoqda
Xo‘sh, mikroblarga “yengilmaslik” uchun hozir, bugun va ertaga nima qilish kerak? Muammoga qanday yechim bor?
O‘rganishlarga ko‘ra, antibiotiklardan foydalanishni to‘g‘ri tashkil etmaslik shu alfozda davom etsa, kelgusi 10-15 yilda odamzod mikroblarga hech qanday ta’sir ko‘rsata olmay qoladi. Aniqroq aytganda, ularga qarshi kurashish imkoniyatini boy berib qo‘yadi.
Xo‘sh, mikroblarga “yengilmaslik” uchun hozir, bugun va ertaga nima qilish kerak? Muammoga qanday yechim bor?
Joriy yil 18-24 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Antibiotiklardan to‘g‘ri foydalanish umumjahon haftaligida mana shu savollar atrofida muloqot qilinadi. Ushbu haftalik sakkizinchi bor o‘tkazilmoqda. Inson va hayvonlar sog‘lig‘i hamda atrof-muhitni «Umumiy salomatlik» konsepsiyasi asosida qo‘llab-quvvatlashga sodiqlik uning asosiy mavzusi.
Poytaxtimizda O‘zbekistonda Antibiotiklardan to‘g‘ri foydalanish umumjahon haftaligini nishonlashga bag‘ishlangan milliy press-konferensiya o‘tkazildi. Unda mazkur haftalikning ahamiyati, uning dasturidan o‘rin olgan tadbirlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Ta’kidlanishicha, haftalik doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiy byurosi o‘z harakatlarini Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (BMT) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘limi hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha Jahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti subhududiy vakolatxonasi bilan birlashtiradi. Turli kasb vakillari – shifokorlardan tortib, veterinar, farmasevt, chorvadorlarga qadar, va, albatta, oddiy aholi o‘rtasida antibiotiklardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish tamoyilini ilgari suradi.
Bu haqda JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i Lian Kuppens xonim shunday dedi:
– Antibiotiklarga chidamlilik – dunyo miqyosida inson salomatligiga tobora ortib borayotgan tahdiddir. Shuning uchun ham biz hukumatlarni «Umumiy salomatlik» yondashuvidan foydalanishga chorlaymiz. Ularni insoniyat, hayvonlar salomatligi va atrof-muhit muhofazasi sektorlarini birlashtirishga da’vat qilamiz. «Umumiy salomatlik» yondashuviga ko‘ra, mikroblarga qarshi preparatlarga bo‘lgan chidamlilikka nisbatan kurashda har bir kishi ishtirok etadi. Bu uning nechog‘lik ahamiyatli ekanidan dalolat beradi.
Raqamlarga e’tibor qaratsak. «Ko‘plab dorilarga chidamli» bo‘lgan bakteriyalar keltirib chiqaradigan infeksiyalar natijasida dunyo bo‘yicha har yili 700 000 ta o‘lim holati kuzatiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining o‘zida mikroblarga qarshi dorilar davolay olmaydigan ifeksiyalardan yiliga 25 000 ga yaqin kishi vafot etadi. Yevropa Ittifoqida «ko‘plab dorilarga chidamli» bo‘lgan bakteriyalar keltirib chiqaradigan infeksiyalar sog‘liqni saqlash sohasida qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lmoqda. Samaradorlikni esa har yili eng kamida 1.5 milliard yevroga pasaytirayapti.
Insonlar, shuningdek, hayvonlarni davolashda mikroblarga qarshi antibiotik vositalarning noto‘g‘ri ishlatilishi dorilarning ushbu turiga bo‘lgan chidamlilik ortishini tezlashtiradi. Bu inson sog‘lig‘i uchun falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
– Haqiqatdan ham, so‘nggi yillarda antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanish natijasida ularga chidamlilik o‘sib boryapti, – dedi tibbiyot fanlari doktori, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti yetakchi ilmiy xodimi Nigora Tojieva. – Bu degani oddiy patogen chaqirgan kasallik ham odamni nobud qilishgacha olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham bu masalaga katta e’tibor qaratish lozim. Hozir antibiotiklarni qo‘llash standartlari ancha o‘zgargan. Avval bemor bakterial infeksiya bilan xastalansa, birinchi kundanoq yuqori doiradagi antibiotiklarni qo‘llab, kasallik tuzatilgan. Ayni vaqtda antibiotiklarga nisbatan patogen mikroorganizmlarning chidamliligi kuchaygani hisobiga bemorda xastalikni aynan qaysi bakteriya keltirib chiqarganini aniqlash muhim hisoblandi. Shunga qarab dastlab imperik, so‘ng alternativ davo chorasi va zaxira antibiotiklarni qo‘llash tizimidan foydalanilmoqda. Ko‘rinib turibdiki, antibiotiklarni to‘g‘ri tavsiya qilishda shifokor mas’uliyati ham yuqori. Shu bois haftalik davomida yurtimizning turli nuqtalarida mutaxassislar va aholi ishtirokida antibiotiklarni oqilona qo‘llash yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etmoqchimiz.
Mutaxassislar fikricha, muammo faqat insonlar antibiotiklardan qanday foydalanishi bilangina bog‘liq emas. Bu boradagi sa’y-harakatlarni antibiotiklarning hayvonlarda qo‘llanishi masalasi bilan ham parallel ravishda olib borish kerak. Chunki ovqatlanish ratsionimizdan go‘sht va sut mahsulotlari o‘rin olgan. Ya’ni, ovqatlanish orqali ham mikrorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi oshib boraveradi. Shu nuqtai nazardan antibiotiklarning foydalanish mumkin bo‘lmaganlarini farqlash, veterinariya aptekalarida antibiotiklar faqat mutaxassis retsepti asosida sotilishini ta’minlash muhim. Matbuot anjumanida ayni jihatga alohida urg‘u berildi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan bildirilgan tavsiya har birimiz uchun muhim: aslida antibiotiklarni yuqumli kasalliklardagi mikroblarga qarshi qo‘llash kerak. Afsuski, bugungi kunda jarrohlik muolajalari yordamida davolanadigan xastaliklarda ham bu preparatlardan foydalanish holatlari uchrayapti. Yana bir og‘riqli jihat: aholi ba’zan u yoki bu antibiotikni o‘zboshimchalik bilan, betartib iste’mol qilmoqda. Kamiga bu jarayonni eng kuchli antibiotiklar bilan boshlayapti. Bu boshqa oddiy antibiotiklar organizmga ta’sir ko‘rsatmay qolishiga olib keladi.
Unutmaslik kerakki, antibiotiklarning foydasi bilan birga har bir organizm uchun individual salbiy ta’siri bor. Shunday ekan, ularni malakali shifokor tavsiyasi bilan qabul qilish lozim.