Antarktidaning “Qon sharshara”si: million yillik kashfiyot
Antarktida muzi ostida yashiringan sirlar insoniyatni hayratga solishda davom etmoqda. Dunyo olimlari tomonidan mashhur “Qon sharsharasi” – “Blood Falls” yaqinida olib borilgan tadqiqot davomida qadimgi dengiz muhiti bilan bog‘liq mikroskopik hayot izi aniqlandi. Ushbu kashfiyot qit’aning geologik o‘tmishi va Yerdagi hayot o‘ta og‘ir sharoitda qanday saqlanib qolishi haqidagi tasavvurni yanada boyitishi mumkin.
Antarktidadagi Teylor muzligi bag‘rida joylashgan “Qon sharsharasi” qizil tusli suvi bilan dunyo olimlari e’tiborini yillar davomida o‘ziga jalb qilib keladi. Alvon rang temirga boy sho‘r suv bilan havo birikishi natijasida hosil bo‘ladi.
AQSH “California San Diego University” qoshidagi “Scripps Oceanography Institute” olimlari muzlik atrofidagi turli muhitdan yig‘ilgan jami 167 namunani RNK tahlili yordamida o‘rganishdi. Bunday usul mitti tanachalar nafaqat mavjudligi, balki faol hayot kechirayotganini ham aniqlash imkonini berdi.
Izlanish chog‘i dengiz hayotiga xos mikroskopik eukariot organizmlarning molekulyar izi topildi. Demak, million yillar muqaddam suv shu hududga kirib kelib, keyinchalik muzlik ostida qamalib qolgani haqidagi ilmiy taxmin yanada mustahkamlandi.
Mutaxassislar hozircha bu xulosani yakuniy emas, balki kuchli ilmiy dalil sifatida baholamoqda. Keyingi tadqiqotlar ushbu noyob ekotizimning kelib chiqishi va evolyutsiyasi haqida yanada aniq ma’lumot berishi kutilyapti.

Mutaxassislar fikricha, mazkur kashfiyot nafaqat muzli qit’aning geologik tarixini o‘rganish, balki ekstremal muhitda hayot qanday saqlanib qolishini anglashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa kelajakda Mars yoki Yupiter yo‘ldoshi Yevropa kabi muz bilan qoplangan samoviy manzillarda hayot izlash bo‘yicha izlanish uchun ham yangi ilmiy yo‘nalish ochishi mumkin.
Mazkur tajriba natijasi xalqaro “Nature Geoscience” ilmiy jurnalida e’lon qilindi. Umuman, bu yangi ma’lumot Antarktidaning hali ochilmagan siri ko‘pligini yana bir bor isbotladi.
Nodira Kayimova,
O‘zA