“Anor - 2023": ayollar tadbirkorligida yangi nomlar kashf etildi
O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Assotsiatsiya 1991 yildan buyon xotin-qizlarning iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarini kengaytirish va himoya qilish, tadbirkorlik va ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy va axborot resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, gender tenglik, xotin-qizlar mehnatining raqobatbardoshligini oshirish kabi qator vazifalar doirasida faoliyat yuritib kelmoqda.
Shuningdek, Assotsiatsiya tomonidan mamlakatimiz ishbilarmon ayollari uchun turli xil tadbirlar, tanlovlar o‘tkaziladi.

“Ayollar tadbirkorligi haftaligi – 2023" doirasida tashkil etilgan “Anor - 2023" ko‘rik tanlovi ana shular jumlasidandir. Sakkizinchi bor o‘tkazilgan ushbu ko‘rik-tanlov xotin-qizlarning moliyaviy bilimlarini oshirish bilan birga, tadbirkorlik rivojining o‘ziga xos o‘lchov mezoniga aylangan.
Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida eng namunali, haqiqiy ijodkor va mohir tadbirkorlar aniqlandi. Tanlovda mamlakatimizning barcha hududlaridan to‘qqiz nafar ishbilarmon ayol uchta nominatsiya bo‘yicha "eng yaxshi" deb topildi.
“Eng yaxshi ishlab chiqaruvchi” nominatsiyasida birinchi o‘rinni Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Feruza Abduqahhorova egalladi. “Eng yaxshi fermer”nominatsiyasida esa qashqadaryolik fermer Dildora Mo‘minova birinchilikni qo‘lga kiritdi. Jizzax viloyatidan Oynisa Qarshiboyevaga “Eng yaxshi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi” nominatsiyasida birinchi o‘rin nasib etdi.
Ayollar tadbirkorligida yangi nomlarni kashf etgan “Anor - 2023" ko‘rik-tanlovi yakunlandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA