Angrenda “tashabbusli byudjet” loyihalari tasdiqlandi
Toshkent viloyati Angren shahrida jamoatchilik fikri asosida shakllangan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va hududlar infratuzilmasini yanada yaxshilash borasida muhim qaror qabul qilindi. Xalq deputatlari Angren shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida “Tashabbusli byudjet” 2026-yil 1 mavsumi yakunlariga ko‘ra g‘olib, deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-aprelda qabul qilingan “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Oliy Majlis Senati Kengashining 2024-yil 30-yanvardagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1-fevralidan 20-fevraliga qadar “Ochiq byudjet” portali orqali fuqarolar tomonidan umumiy qiymati 90 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 63 ta taklif kelib tushgan. Ularning 14 tasi nizom talablariga mos kelmagani sababli rad etildi, 49 ta loyiha esa ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi.

11-20-mart kunlari o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida fuqarolar tomonidan jami 45 mingdan ortiq ovoz berildi. Natijalarga ko‘ra, eng ko‘p ovoz to‘plagan 12 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularning umumiy qiymati 16 milliard 370 million so‘mdan oshdi.
Shahar hokimligi huzuridagi “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasi mablag‘lari aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Belgilanishicha, mablag‘lar faqat tasdiqlangan loyihalar doirasidagi qurilish va ta’mirlash ishlariga sarflanadi va ularni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ayrim mahallalarda ketma-ket ikki bor g‘oliblikka erishilganligi sababli tenglikni ta’minlash maqsadida Namuna, Mustaqillik, Navro‘z, Obliq, Samarchug, Gulbog‘, G‘afur G‘ulom hamda Mirzo Ulug‘bek mahallalariga keyingi ikki mavsum davomida loyiha kiritish imkoniyati cheklandi.

Qarorga muvofiq, g‘olib loyihalarni amalga oshirish muddati 5 oy etib belgilandi. Buyurtmachi tashkilotlar ish sifati va muddatlariga bevosita mas’ul bo‘ladi. Shu bilan birga, qurilish-ta’mirlash ishlari ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilib, deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida monitoring olib boriladi.
Yana bir muhim jihat “Ochiq byudjet” portalida “Sayyor monitoring” bo‘limi ishga tushirilganidir. Mazkur tizim orqali loyihalar ijrosi doimiy nazorat qilib boriladi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmaguncha moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Angren shahridagi “Kimyogar” MFY faollari “Tashabbusli byudjet” doirasida yo‘llarni asfaltlash va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan loyiha bilan ishtirok etgan bo‘lsa-da, yetarli ovoz to‘play olmadi. Biroq mahallaning shahar markazida joylashgani va obodonlashtirishga ehtiyoj yuqoriligi inobatga olinib, mazkur loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Kasimova tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Sessiyada ushbu loyihani respublika byudjeti hisobidan moliyalashtirish belgilangani ma’lum qilindi.
Sessiya qarori bilan mas’ul tashkilotlarga har chorak yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilikka ochiq axborot taqdim etib borish vazifasi yuklatildi. Mazkur qaror aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda shahar infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ne’mat Dushayev,
Xalq deputatlari Angren shahar kengashi
deputati (OʻzLiDeP).
O‘zA