Angliya Fransiyani mag‘lub etib, Jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Angliya terma jamoasi Fransiya ustidan 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Uchrashuv mundiallar tarixidagi eng sermahsul uchinchi o‘rin bahsi sifatida qayd etildi.
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 19-iyul kuni uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan bahs muxlislarga gollarga boy va keskin kurashlarga to‘la o‘yinni taqdim etdi. Angliya terma jamoasi Fransiyani 6:4 hisobida mag‘lub etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Angliya safida Deklan Rays 3-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Ezri Konsa 18-daqiqada ustunlikni mustahkamladi. Bukayo Saka esa 37, 45+1 va 87-daqiqalarda xet-trik rasmiylashtirdi. Jamoaning oltinchi goliga qo‘shimcha vaqtning 90+8-daqiqasida Jud Bellingem mualliflik qildi.
Fransiya tarkibida Kilian Mbappe dubl qayd etib, 48 va 66-daqiqalarda gol urdi. Shuningdek, Bredli Barkola 54-daqiqada, Usmon Dembele esa 90+6-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Biroq bu gollar jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qola olmadi.
Ushbu uchrashuv Jahon chempionatlari tarixida uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan eng sermahsul bahs sifatida tarixga kirdi. Avvalgi rekord 1958-yilgi mundialda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda Fransiya G‘arbiy Germaniyani 6:3 hisobida mag‘lub etgan edi.
Shu tariqa, Angliya terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi bor Jahon chempionati sovrindoriga aylandi. Inglizlarning yagona chempionligi 1966-yilda o‘z maydonida o‘tkazilgan mundialda qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, endi ular tarixidagi ilk bronza medalini ham qo‘shib qo‘ydi.
Fransiya esa bu safar musobaqani to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. Fransuzlar avvalroq ikki marta jahon chempioni (1998, 2022), ikki marta kumush (2006, 2022) hamda ikki marta bronza (1958, 1986) medallari sohibi bo‘lgan.
Endi futbol ixlosmandlarining e’tibori Jahon chempionatining hal qiluvchi bahsiga qaratilgan. Bugun, 19-iyul kuni Argentina va Ispaniya terma jamoalari chempionlik uchun maydonga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA