Andiz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay...
Qaror va ijro
Bu ko‘hna dunyodagi elu elatlarning fe’li qiziq. Kimlargadir sigir xudo darajasida bo‘lsa, kimlargadir it qadrli, yana allakimlarga ayiq polvon. Ammo tabiatning noyob jonzodi bo‘lgan otlarga barcha-barchaning e’tibori, mehri bo‘lakcha.
Keksalarimiz otning devi bor, deyishadi. Haq gap. Tulporlarning g‘oz turishi-yu, mahobat bilan yurishida-da bir sehr bordek, go‘yo. Gapning rostini aytganda, bundan 5-10 yillar narisida yurtimizda otlar ancha kamayib ketgandi. Har bir qishlog‘u ovullarda nari-berisi bilan 3-4 ta uloqchi otlar bo‘lsa bo‘lardi, bo‘lmasa u ham yo‘q edi. Hatto ayrim qishloqlarda kunduzi chiroq yoqib ham biron bir otni topolmasdingiz. Poytaxtimizdagi ot sportiga ixtisoslashgan oliy mahorat maktabidagi otlar sifati 2010-2015 yillar mobaynida achinarli ko‘rinishga kelib qolgandi.
Mamlakatimizning yetakchi olimpiya kollejlaridagi ot sporti bo‘limlari tugatilib, mavjud jihozlar, otxonalar tag-tugi bilan yo‘q qilingandi. Yurtimizning Surxondaryoyu Jizzaxida, Toshkentu vodiy tomonlarda yakkam-dukkam uloq- ko‘pkari musobaqalari o‘tkazilardi. O‘tkazilgandayam, to‘polonu taloto‘p bilan kim qanday g‘olib bo‘lganligini bilib- bilmay olomon tarqalardi. O‘sha kezlar mamlakatimizda ot sporti bo‘yicha sport taqvim rejasidagi ayrim chempionatu birinchiliklar faqat qog‘ozlarda qolib ketardi. E’tiborsizlik, o‘zibo‘larchilik, rag‘bat va raqobatning yo‘qligi va yana bir qator omillar oqibatida otsizu chavandozsiz mamlakatga aylanib qolishimizga bir bahya qolgandik.
Shukrki, 2017 yili yilqichilik va ot sporti masalasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning e’tiboriga tushdi. Aynan shu yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirdlar to‘g‘risidagi qarori chavandozlarning kulga aylanayotgan orzu “qozoni”ining ostidagi gulxanga ilinj o‘tini qaladi. Ko‘ngillar yorishdi. Inqiroz yoqasiga kelib qolgan ot sporti tizimiga quyosh muralaganday bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasi asosida Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida naslli otlarni ko‘paytirish va parvarishlash komplekslari vujudga keltiriladigan bo‘ldi.
Bu sa’y-harakatlar yilqichilik va ot sport turlaridagi muammolarni butun bo‘yi-basti bilan ko‘rsatish bilan birga, yangi yo‘nalishlarni jadallik bilan taraqqiy ettirishni taqozo etardi. O‘tgan 3 yil mobaynida jismoniy tarbiya va sport tizimini rivojlantirish to‘g‘risida yigirmadan ortiq qarorlar, dasturlar, “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan bo‘lsa, shundan kamida 5-6 tasi bilvosita yilqichilik va ot sport turlarini ommalashtirishga, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, yoshlar o‘rtasida ushbu sohani keng ommalashtirishga taalluqli bo‘ldi.
Joriy yilning 11 martidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, ushbu sport turlari rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash va ommalashtirish, ular bo‘yicha milliy terma jamoamizning olimpiya va paralimpiya, Osiyo va paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda ishtirok etishi, yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida bu sport turlarini 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturining qabul qilinganligi soha taraqqiyotida suv va havodek zarur ishlarning bajarilishiga qo‘sh qanot bag‘ishladi.
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, davlat dasturida ko‘rsatib o‘tilganidek, joriy yilning sentyabridan e’tiboran ot sportining ot yo‘rttirish turi bo‘yicha Toshkent viloyatida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun», ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) turi bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida «Qarshi Open», Toshkent shahrida «Millatlar kubogi» xalqaro turnirlarini, zamonaviy beshkurash bo‘yicha Toshkent shahrida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun», «Tashkent Open», «Central Asian Cup», ushbu sport turining lazer-ran yo‘nalishi bo‘yicha «Central Asian Championship» xalqaro turnirlarini, polo bo‘yicha Toshkent viloyatida «Amirsoy-Polo Cup», Qashqadaryo viloyatida «Kok-Saray Cup», Toshkent shahrida «Tashkent Open» xalqaro turnirlarini tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda.
Darvoqe, polo sport turi xususida. Yilqichilikni rivojlantirish va ot sporti turlarini yoshlar orasida ommalashtirish masalalarining kun tartibiga chiqishi, o‘z-o‘zidan polo o‘yinining “bobo vatani”ga qaytishiga zamin tayyorladi. Ko‘pchilik polo sportining vatani Angliya bo‘lsa, uning bizga, O‘zbekistonga qanday aloqasi bor, deyishi mumkin. Bu tabiiy savol. Haqiqatan, poloning qonun-qoidasi, sport terminalogiyasi inglizlarga tegishli. Lekin uni yevropaliklar Hindistondan o‘zlashtirganligidan ayrimlar bexabar shu paytgacha. Hindistonga polo sport turining “otasi” bo‘lgan chavgon o‘yinini esa O‘rta Osiyodan bobokalonlarimiz –turkiylar, aniqrog‘i boburiylar olib borishgan.
Bu haqdagi ma’lumotlar hazrat Boburning “Boburnoma” asarida aniq-tiniq tarzda bayon etilganki, biz bemalol qo‘shtirnoqlarsiz polo asl vataniga qaytmoqda, deyishimizga asoslar yetarli.
Mazkur qaror dasturiga muvofiq yurtimizda bir qator polo musobaqalarining tashkil etilishi, O‘zbekiston polo sporti infratuzilmasining yaratilishiga erishish orqali bir tarafdan mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori oshishiga, ikkinchi tomondan, yurtimiz yoshlarining ota-bobolarimizdan meros chovgonning zamonaviy yo‘nalishi pologa oshno tutinishiga, uning ommaviyligiga va, eng muhimi, millat genofondining sog‘lomligini ta’minlashga erishiladi.
Yurtimizda polo sport federatsiyasining tashkil etilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. O‘tgan yilning 3- choragida o‘z faoliyatni boshlagan O‘zbekiston polo sport federatsiyasi qisqa fursatda bir qator loyihalarni amalga oshirdi. Xorijiy mutaxassislar chorlandi. Ular bilan yillik shartnomalar imzolandi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazildi va o‘tkazilmoqda. Bir necha bor qishki va yozgi polo bo‘yicha turnirlar tashkil etildi. O‘nlab yoshlar polo mashg‘ulotlariga, musobaqalarga jalb qilindi.
Bundan bir necha yillar muqaddam otlarning kelib chiqishi bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan germaniyalik tadqiqotchi Vera Varmut nemis matbuotida “otlar ilk bora Markaziy Osiyoda qo‘lga o‘rgatilgan”, degan fikrni ilgari surib, uni o‘z tadqiqotlarida isbotlab bergan edi.
Bundan tashqari, Hitoy manbalarida Farg‘onaning uchar tulporlari haqida biri-biridan qiziqarli ma’lumotlar uchraydiki, otlar tom ma’noda ota-bobolarimiz hayot tarzining ajralmas qismi bo‘lganligini anglaysiz va bundan shu elning farzandi sifatida qalban g‘urur tuyg‘usini tuyasan, kishi.
O‘zbekistonda polo sport turini ommalashtirish borasida shu kunlarda fransiyalik xalqaro toifadagi polo murabbiyi Kamal Abdel Ziri faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ushbu sport bo‘yicha maxsus ta’limni olgan farg‘onalik va qashqadaryolik ikki nafar mutaxassis ham yurtimizdagi bir nechta pologa ixtisoslashayotgan maktablarda yoshlarga uning texnikasi, taktikasini o‘rgatmoqda. Maqsad hududlarda polo klublari, guruhlari sonini oshirish orqali musobaqalar tashkillashtirishni ko‘paytirish.
E’tiborli jihati, mamlakatimizda poloni ommalashtirish borasidagi ishlar Xalqaro polo federatsiyasi(FIP)ning ham nazariga tushdi. Bundan bir necha oy muqaddam FIP rahbari Goratsio Areko O‘zbekiston polo federatsiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi va xalqaro federatsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlash va polo jihozlarini yetkazib berishda amaliy yordam ko‘rsatishini bildirdi, deya xabar tarqatmoqda O‘zbekiston polo federatsiyasi matbuot xizmati.
Albatta, yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi har qanday xayrli ishning dunyo miyosidagi tashkilotlar tomonidan e’tirof etilishi va ular bilan manfaatli hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi O‘zbekistonning xalqaro sport imiji yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz. Jahon xalqlari o‘rtasida integratsiya jarayoni jadallik bilan kechayotgan bir paytda davlatimiz tomonidan yilqichilik, ot sport turlarini ommalashtirish borasida jonfidolik qilinishi, qaror va dasturlar ishlab chiqilishi va shu asosda yurt ertasi bo‘lgan yoshlarni ot sporti turlariga keng jalb qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi avlodni har tomonlama salohiyatli etib kamolga yetkazish va jonajon Vatanimizni rivojlangan davlatlar safiga olib chiqishdir.
Bundan ikki yil muqaddam xizmat safari bilan Qashqadaryoga borganimizda ot sportining jonkuyarlaridan biri, Qashqadaryo viloyat yilqichilik, uloq-ko‘pkari va ot sporti federatsiyasi ijrochi direktori Ilhom Chorshanbiyev bilan ko‘rishib qolganimizda polvon o‘shanda ajib bir quvonch bilan “Endi ot sportining ham yelkasiga shamol tegadi, Prezidentimizning yilqichilikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori ayni muddao bo‘ldi. Endi odamlar yilqichilikka qiziqishni boshlaydi. Otga mehr qo‘ygan insonning esa hamisha omadi keladi”, deya hayajonini yashirolmagandi.
Bugun yana u bilan bog‘landik. Davlatimiz rahbarining yilqichilik, ot sport turlari to‘g‘risidagi qarori xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.
–Kecha hafta Qashqadaryoning Dehqonobodu Qamashisida ot sportining 4 ta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqa o‘tkazdik. Tumonot odam. Keksa chavandozlarning quvonchi bir olam. Qamashilik 80 yoshli Asad bobo Ulashev kabi faxriy chavandozlarning xurramligini so‘z bilan ifoda etolmayman. Ot izini toy bosar, deganlaridek, yilqichilikka davlat tomonidan e’tibor natijasida bugun yurtimizda yosh chavandozlar safi kengaydi. Oldinlari chavandozlik musobaqalarida har bir tumandan ko‘pi bilan 4-5 nafar ishtirokchi bo‘lgan bo‘lsa(ayrim hududlarda chavandozlar umuman yo‘qolib ketgandi), bugunga kelib 10-15 nafar, hatto bir tumandan 30 nafardan oshiq qatnashchi kelmoqda. Ot sportiga bu qadar yuksak e’tibor berilishi oddiy odamlar hayotida ham aks etmoqda. Bilsangiz, qishloqlarda odamlarning otga bo‘lgan e’tibori pasayib ketuvdi. Hozir ot olaman, farzandimni ot sportiga, chavandozlikka o‘rgataman, degan ota-onalar safi kengaydi. Bu nimadan dalolat? Bu, xalqimizning ertangi kunga yorug‘ orzular bilan intilayotganidan, katta-katta istagu niyatlarni qalbiga jo qilayotganidan nishona. Ko‘rasiz, yana 4-5 yil oralig‘ida nafaqat Qashqadaryoda, balki mamlakatimizning boshqa hududlaridagi qishloq va ovullaridagi xonadonlarning har 4 tasidan bittasida albatta ot bo‘ladi. Oti bor xonadonga esa hamisha baraka, rizq yog‘ilib turadi. Shu ma’noda, ushbu qaror birgina sport turining rivojiga emas, oddiy insonlarning turmush tarziga, ularning hayotga bo‘lgan munosabatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, – deydi I. Chorshanbiyev.
Haqiqatan, ot sporti timsolida mamlakatimizda xalqimizning azaliy an’ana va odatlari tiklanmoqda. Yurtimizda yilqichilik tarmoqlari kengaymoqda. Muhimi, insonlarning kayfiyatida tulporlar shiddatiga hamohanglikka zamin hozirlanmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, respublikamizda 250,6 ming bosh ot mavjud. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 9,6 mingtaga, ya’ni 4 foizga ko‘payganidan dalolat. Ayni holatni hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 26,5, Andijonda 6,8, Buxoroda 6,5, Jizzaxda 27,3, Qashqadaryoda 32,6, Navoiyda 20,3, Namanganda 6,6, Samarqandda 26,4 va Surxondaryoda 14,9 foizni tashkil qilmoqda. Agar mazkur ko‘rsatkichni 2010 yillar oralig‘i bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, 2017 yildan e’tiboran O‘zbekiston yilqichilik tizimida butunlay boshqa manzara ko‘zga tashlanadi.
Esimda, bundan 30-40 yillar burun mamlakatimizning ko‘plab qishloq va ovullarida otsiz yoki tulporlarga daxldor bo‘lmagan xonadonu hovlini uchratish amrimahol edi. Dalalarda suruv-suruv tulporlar yurardi. Qishloqlarda har uch yigitning biri albatta ko‘pkari-uloq chopardi yoki ot poygasida qatnashardi. Ot minmagan yigit yo‘q edi deyarli. U zamonlarning qancha suvlari oqib ketdi. Bugun yurtimizda o‘tkazilayotgan ot sport turlari musobaqalarida sovrindor bo‘lib, ko‘pning olqishini olib, davralarga zavqu shavq bag‘ishlab yurgan “Oltin”, “Sof”, “Qashqa”, “Saman” “Dev”, “Jayron”, “Kiyik” laqabli otlarning chopog‘on ajdodlari go‘shtlik uchun suyib yuborilganda uvvos solib yig‘lagan chavandoz bobolarimizni ko‘rib ichimiz zil-zil ketgan paytlar bo‘lgandi...
Umri ot ustida o‘tgan bobolar bu yolg‘onchi dunyoni armon bilan tark etib ketganiga ko‘p zamonlar bo‘ldi. Ular bu shukuhli, otlar qadr topayotgan kunlarni ko‘rmay ketdi, afsus... Biroq, shukrki,bugun azaliy qadriyatimiz, urf-odatimiz bo‘lgan yilqichilik, ot sport turlari e’tibor topmoqda, e’zozlanmoqdaki, shoyadki, suvoriy bobolarimizning ruhlari shod bo‘lsa...
Yilqichilikni, ot sport turlari va poloni rivojlantirish to‘g‘risidagi qaror va ko‘rsatmalar doirasida amalga oshirilajak ishlar qamrovi beqiyos. Faqat buni idrok etmoq, millat va mamlakat manfaatiga xizmat qiladigan, uning taraqqiyoti, yangi O‘zbekistonning porloq va farovon kelajagiga qo‘yiladigan mustahkam poydevor timsolida e’tibor ko‘rsatilishi mutasaddi va mutaxassislarning sa’yi-harakatiga, otlarga bo‘lgan mehru muhabbatiga bog‘liq.
Zotan, barhayot bitiklari bilan xalqimiz qalbidan joy olgan millatparvar shoirimiz Azim Suyun ta’biri bilan aytganda:
Andiz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmag‘ay,
Yaxshi bo‘lsa ayollar erlar yuzi so‘lmag‘ay.
Qaysi yurtda chinakam botir ersa yigitlar,
O‘sha yurtning ellari yovlarga qul bo‘lmag‘ay.
Ot minmagan ot minsa,chopa-chopa o‘ldirar,
Bog‘ ko‘rmagan bog‘ ko‘rsa,payhon qilar, so‘ldirar.
Hushyor bo‘lgil, jon elim,elday saqla elingni,
Yovlaringga qo‘l bersang paymonangni to‘ldirar.
Bosh kesilsa, yoronlar,sochga motam tutilmas,
Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.
Qay bir millat tuprog‘in toptar ekan makkor yov,
O‘zligin bilganlarning baxti aslo butunmas!
Arg‘umoqlarga mining,g‘olib qilich yor bo‘lsin!
Bu dunyoda har kimning o‘z Vatani bor bo‘lsin!
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA