Andijonning taraqqiyot xaritasi: sanoat mo‘’jizasidan turizm yo‘nalishidagi mega loyihalargacha
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni Andijon viloyatiga keldi.
Andijon xalqaro aeroporti zamonaviy qiyofa kasb etib, uning imkoniyatlari kengaymoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi mazkur ob’ektda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlandi.
Davlatimiz rahbari bundan uch yil avval hududga tashrifi chog‘ida aeroportni modernizatsiya qilish bo‘yicha qator topshiriqlar bergan edi. O‘tgan yilgi tashrif davomida ham rekonstruksiya jarayonini shaxsan ko‘zdan kechirgan.
Aeroport 1978-yilda ishga tushirilib, 2013-yilda unga xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 243,4 gektar bo‘lgan ob’ektda 100 nafar xodim mehnat qiladi. Vaqt o‘tishi bilan havo bandargohini zamon talablariga moslashtirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish zarurati yuzaga keldi.
Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak barpo etildi. Shuningdek, 10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari qurildi.
Qurilish sifati va ob’ektning uzoq muddat xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratildi. Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan mustahkam sement-beton qoplamasi yotqizildi. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimi o‘rnatildi. Bu aeroportga tungi vaqtda va quyuq tuman sharoitida ham havo kemalarini xavfsiz qabul qilish imkonini beradi. Ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqarganda ham samolyotlar qo‘na oladi. Endilikda aeroport keng fyuzelyajli yirik havo kemalarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyatiga ega.
Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Uning doirasida umumiy maydoni 19 ming 685 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi barpo etilmoqda. Ilgari aeroport soatiga 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi terminal ishga tushgach, bu ko‘rsatkich besh barobar oshadi. Aeroport hududida yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va aqlli xizmatlar joriy etiladi.
Davlatimiz rahbariga aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi taqdimot qilindi. Prezidentimiz zamonaviy terminal binosini belgilangan muddatda va sifatli qurib bitkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Bugungi kunda Andijon xalqaro aeroporti orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yettita aviakompaniyaning muntazam qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2 ming 500 tagacha oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yiliga 3,5 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar andijonliklar va viloyat mehmonlari uchun transport qulayligini oshirib, hududning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Aeroport atrofida zamonaviy servis ob’ektlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Andijon tumanidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Eco Cotton” korxonasiga bordi.
Loyiha davlatimiz rahbarining 2026-yil 29-iyundagi paxta tolasini chuqur qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Korxonada mahalliy xomashyodan ekologik toza, xalqaro standartlarga mos to‘qimachilik mahsulotlari tayyorlanib, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.
Loyihaga tadbirkor tomonidan 10 million dollar sarmoya kiritilib, 1 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi. Korxona to‘liq quvvat bilan ishlaganda davlat byudjetiga yiliga 25 milliard so‘m tushum keltiradi.
Bu yerda ishchi-xodimlarning malakasini oshirish maqsadida dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlar nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘un holda o‘zlashtirmoqda.
Korxonada ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy standartlar asosida tashkil etilgan. Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biriga tegishli so‘nggi rusumdagi avtomatlashtirilgan konveyer uskunalari o‘rnatilgan. Barcha jarayonlar raqamli boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.
Ekologik talablarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilar qayta ishlanib, ularning atrof-muhitga zararli ta’siri kamaytiriladi.
Muassasaning texnologik imkoniyatlari e’tiborga molik. Bu yerda sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan tikuv dastgohlari o‘rnatilgan. Aqlli tizim mato turiga qarab tikuv jarayonini real vaqt rejimida avtomatik sozlaydi va choklarning yuqori aniqlikda hamda nuqsonsiz bajarilishini ta’minlaydi. Shuningdek, gumanoid robotlar sinov tariqasida ishlatilmoqda.
Korxona yiliga 30 turdagi 9,4 million dona yuqori sifatli trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ularning umumiy qiymati 135,3 milliard so‘mni tashkil etadi. Raqobatbardosh tannarx va yuqori sifat tufayli mahsulotlar Turkiya, Vetnam, Xitoy va Hindistonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha oladi.
Yillik eksport salohiyati esa 10,5 million dollarni tashkil etadi. Andijonda tayyorlanayotgan sifatli trikotaj mahsulotlari Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ruminiya va Moldova bozorlariga yetkazib berilmoqda.
Davlatimiz rahbari korxona ishchilari bilan samimiy muloqot qildi.
Shu yerning o‘zida viloyatda yoshlar bilan ishlash, ularni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va rejalar to‘g‘risida axborot berildi.
Keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanida kichik gidroelektr stansiyalari uchun zarur uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 28-martdagi hududlarda mikrogidroelektrostansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishga doir qarori bu borada muhim asos bo‘ldi. Uning ijrosi doirasida “Andijon Jinlun yangi energiya” korxonasi tashkil etilmoqda.
Tog‘li va suv resurslariga boy Markaziy Osiyo davlatlarida bunday uskunalarga talab yuqori. Biroq shu paytgacha mintaqada ularni sanoat miqyosida ishlab chiqaradigan ixtisoslashgan korxonalar yetarli emas edi. Yangi loyiha ana shu ehtiyojni qoplashga qaratilgan.
Andijon viloyatidagi mavjud suv manbalari “yashil” energetikani rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratadi. Xususan, Katta Farg‘ona kanalining barqaror suv oqimi mikro va kichik GESlar qurish uchun qulay hisoblanadi.
To‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 20 million dollarni tashkil etadi. Korxona 2027-yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushiriladi. Shundan so‘ng bu yerda yiliga 70 milliard so‘mlik 100 ta kichik GES majmuasi, shuningdek, mikrogidroenergetika uskunalari, dastgoh va elektr jihozlari ishlab chiqariladi.
Bugungi kunda dunyoda ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga talab ortib bormoqda. Bu jihatdan kichik va mikro GESlar samarali yechimlardan biri hisoblanadi. Ular atrof-muhitga ta’siri kamligi, qisqa muddatda barpo etilishi va barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarishi bilan ahamiyatlidir.
Loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotlarni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilish, yillik eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, korxona Andijon viloyatida qator mikro GESlar qurishni mo‘ljallagan. Bu aholi va sanoat korxonalarini arzon, ekologik toza hamda barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Marosimda umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar bo‘lgan 206 ta loyiha qamrab olindi. Shundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi.
Ushbu loyihalar energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.
Xususan, paxta-to‘qimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimi, mebelsozlik va charm-poyabzal sanoat zonalari, elektrobuslar, quyosh panellari va mikrogidroenergetika uskunalari ishlab chiqarish, shuningdek, zamonaviy ta’lim va tibbiyot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yangi loyihalar doirasida zamonaviy turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektrostansiyasi, chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonasi, transport vositalari va yuk vagonlari ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSH, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Tojikiston kompaniyalari hamda mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ularning ro‘yobga chiqarilishi natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport imkoniyati shakllanadi.
Marosimda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan mas’ullar, xorijlik hamkorlar va tashabbuskorlar videoaloqa orqali ishtirok etdi. Ular loyihalarning ahamiyati, amalga oshirish jarayoni va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari mazkur tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va mahalliy tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, 98 ta yangi loyihani ishga tushirdi va 108 ta ob’ekt qurilishiga start berdi. Shundan so‘ng investorlar va hudud faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” sanoat zonasi hududida joylashgan texnikum faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish bilan bir qatorda ular uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bunda ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash muhim o‘rin tutadi.
“Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi ana shu maqsadda tashkil etilgan. Texnikum “Ipak yo‘li” hududidagi to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali korxonalar uchun talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlaydi.
Loyihaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etib, to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi. Natijada 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
To‘rt gektar maydonda 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv binosi qurib bitkazildi. Keyingi bosqichda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hudud barpo qilinadi.
Muassasada dual ta’lim tizimi joriy etilgan. O‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda egallab, amaliyotni sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi. Shu tariqa ular o‘qish davridayoq ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan yaqindan tanishadi.
Texnikum joriy yil iyun oyida ishga tushirildi. Hozirda bu yerda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030-yilga qadar yillik qabulni 1 ming 800 nafarga, o‘quvchilarning umumiy sonini esa 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, ta’lim yo‘nalishlarining soni 20 tagacha ko‘paytiriladi.
Prezidentimiz texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yoshlar va investor bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari Xo‘jaobod tumanidagi texnoparkda bo‘lib, “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Andijon maydoni jihatidan kichik, aholi eng zich joylashgan viloyatlardan biri. Shu bois, hududda har bir qarich yerdan samarali foydalanish, adirliklarni o‘zlashtirish va yangi sanoat maydonlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xo‘jaobod tumanida 300 million dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan “Andijon texnoparki” ana shunday yirik loyihalardan biridir. Adirliklarni o‘zlashtirish evaziga ajratilgan 100 gektar maydonda 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish rejalashtirilgan.
Sanoat zonasi to‘liq ishga tushgach, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 50 dan ortiq turdagi 200 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, byudjetga 160 milliard so‘m tushum ta’minlanadi. Viloyatning eksport salohiyati esa 50 million dollarga oshadi.
Sanoat zonasida Xitoyning “Sanchuan” kompaniyasi tomonidan “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish korxonasi barpo etildi. Qiymati 25 million dollar bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda. Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarining 80 foizi robotlashtirilgan.
“Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan 5G texnologiyasi asosidagi “aqlli” hisoblagichlar suv sarfi va sifati, qurilmalarning texnik holati hamda balansni onlayn kuzatish imkonini beradi.
Korxonada yiliga 15 turdagi 1 million dona “aqlli” suv hisoblagich ishlab chiqariladi. Ular suv to‘planishining oldini oluvchi maxsus konstruksiya va sovuqqa chidamli korpus bilan jihozlanadi.
Shuningdek, bu yerda dual ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Mahalliylashtirish darajasini 2030-yilga qadar 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda sanoat zonasida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashtiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida Oltinko‘l tumanidagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda charm xomashyosini chuqur qayta ishlash, eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ichki bozorni sifatli hamda hamyonbop poyabzallar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi vodiydagi charm mahsulotlari va tayyor poyabzal ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, kosiblar hamda klasterlarni birlashtiruvchi yagona sanoat majmuasidir. Bu yerda xomashyoni qayta ishlashdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sotishgacha bo‘lgan to‘liq zanjir shakllantirilmoqda.
Majmuaning umumiy maydoni 10,1 gektar, loyihalar qiymati esa 28 million dollarni tashkil etadi. Hududning 5,5 gektarida zamonaviy ishlab chiqarish binolari, dual ta’lim markazi va savdo shoxobchalari barpo etilgan.
Sanoat zonasida umumiy ishlab chiqarish quvvati 150 milliard so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 10 tasi poyabzal va tagcharm, 2 tasi sun’iy charm, 2 tasi poyabzal yelimi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qolgan loyihalar doirasida rezina poyabzal, maxsus poyabzallar uchun ustki qismlar ishlab chiqarish va teri tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunga qadar majmuada 2 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Ishlab chiqarishga Turkiya, Xitoy va Italiyada malaka oshirgan mutaxassislar jalb etilgan. Ularning tajribasi mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlarga qator imtiyoz va imkoniyatlar berilgan. Jumladan, ishlab chiqarish bino va inshootlari qiymatini yetti yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.
Davlatimiz rahbari majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirib, loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va eksport salohiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbirkorlar bilan muloqotda mahsulot sifatini oshirish, zamonaviy modellarni o‘zlashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, mahalliy kosibchilik an’analarini zamonaviy sanoat usullari bilan uyg‘unlashtirish, soha vakillari uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Baliqchi tumanidagi “LB Sport” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Mamlakatimizda sport industriyasini rivojlantirish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish va mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda import o‘rnini bosadigan, xalqaro standartlarga mos sifatli sport anjomlari ishlab chiqarish muhim ahamiyatga ega.
“LB Sport” sport anjomlari ishlab chiqaruvchi yetakchi mahalliy korxonalardan biridir. Korxona 20 dan ortiq sport federatsiyasi bilan hamkorlik qilmoqda.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining joriy yil 24-martdagi sport sohasiga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishni kengaytirishga doir qarori asosida amalga oshirilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 25 milliard so‘m bo‘lib, to‘liq tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. Korxonada 18 ta sport turi bo‘yicha 65 xil mahsulot ishlab chiqariladi. Yiliga 500 ming dona, umumiy qiymati 75 milliard so‘m bo‘lgan sport anjomlari tayyorlanadi.
Mahsulotlar sifat jihatidan xorijiy muqobillari bilan raqobatlasha oladi, narxi esa nisbatan arzon. Ular Qozog‘iston, Qirg‘iziston va MDHning boshqa davlatlariga eksport qilinmoqda. Yillik eksport hajmi 3 million dollarni tashkil etadi.
Korxona faoliyatida aholi bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Baliqchi tumanidagi 800 ta kam daromadli oila bilan kasanachilik asosida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Kasanachilarning 90 foizini ayollar tashkil etadi, 65 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Mazkur tizim aholiga o‘z xonadonida mehnat qilib, barqaror daromad olish imkonini bermoqda.
Korxonada ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. Tumandagi 1- va 2-son texnikumlarning 100 nafar o‘quvchisi dual ta’lim asosida o‘qitilmoqda. Ular nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlamoqda.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni va tayyor mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Korxonaning istiqboldagi rejalari haqida axborot berildi. Ishlab chiqarish yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida 2027-yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida sport velosipedlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu yerning o‘zida iqtidorli yoshlar, korxona ishchilari bilan samimiy muloqot qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Baliqchi tumanidagi “Chinobod real biznes” korxonasining baliq yetishtirish loyihasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va unga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanib, kichik maydonlarda intensiv usulda yuqori hosil olish muhim ahamiyatga ega.
“Chinobod real biznes” korxonasida ana shunday zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyuldagi baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid farmoni asosida amalga oshirilgan. Korxona vodiydagi baliqchilik xo‘jaliklarining forel chavog‘iga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 30 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada 30 ta ish o‘rni yaratilgan.
Ikki gektar maydondagi zamonaviy majmuada yiliga 200 tonna baliq go‘shti va 2,5 million dona baliq chavog‘i yetishtiriladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 50 milliard so‘mni tashkil etadi.
Intensiv texnologiyalar qo‘llanilishi natijasida ikki gektar maydonda an’anaviy usuldagi 100 gektarlik havzalar bilan teng hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilgan.
Majmuada ikki million litr hajmdagi suvni tabiiy usulda tozalash imkonini beruvchi laboratoriya ham tashkil etilgan. Unda suv sifatini yaxshilaydigan xlorella suv o‘ti yetishtiriladi. Ushbu ekologik toza tizim baliq yetishtirish samaradorligini yana 15-20 foizga oshirishga xizmat qiladi.
Korxonaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji quyosh panellari hisobidan to‘liq qoplanadi. Baliq yetishtiriladigan hovuzlardan chiqqan fosfor, ammiak va kalsiy kabi tabiiy moddalarga boy suv ham isrof qilinmay, ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Shu tariqa majmuada resurslardan qayta foydalanishning yaxlit tizimi yaratilgan.
Korxona Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga yiliga 2 million dona forel chavog‘i eksport qiladi. Yillik eksport hajmi 2 million dollar, byudjetga tushum esa 5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Loyiha aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Baliqchi tumanidagi Sarvul mahallasida 20 ta xonadon korxona bilan kooperatsiya asosida forel yetishtirib, qo‘shimcha daromad olmoqda.
Majmuada ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi ham yo‘lga qo‘yilgan. Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda “Baliqchilik va parrandachilik amaliyot markazi” tashkil etilgan. Bu yerda talabalar nazariy bilimlarini ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlab, amaliy ko‘nikma orttirmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday yuqori samarali loyihalar aholi bandligini ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mutasaddilarga kichik maydonlarda intensiv usullarni qo‘llash orqali mahsulot hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha ushbu tajribani keng ommalashtirish va yangi loyihalarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Baliqchi tumanidagi Sun’iy intellekt markaziga tashrif buyurib, yoshlarning startap loyihalari bilan tanishdi.
“Akademiya IT Star” korxonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu markaz davlatimiz rahbarining 2024-yil 26-fevraldagi raqamlashtirish sohasida xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qarori asosida barpo etilgan.
Axborot texnologiyalari yoshlar uchun eng talab yuqori bo‘lgan sohalardan biriga aylanmoqda. Shu bois, hududlarda zamonaviy IT kasblarni egallash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar yaratish uchun sharoitlarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Loyihaning umumiy qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etib, 100 ta ish o‘rni yaratilgan.
Markaz qishloq va tuman yoshlariga boshqa hududlarga bormasdan, o‘z yashash joyida zamonaviy bilim va kasblarni egallash imkonini bermoqda. Bu yerda marketing, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida ta’lim berilib, yoshlar olgan bilimlarini amaliy loyihalarda qo‘llamoqda.
Muassasa imkoniyatlaridan mahalliy tadbirkorlar ham samarali foydalanmoqda. Ularga sun’iy intellekt asosida biznesni rivojlantirish bo‘yicha maslahat va IT xizmatlari ko‘rsatiladi. Shu kunga qadar 500 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektiga jami 8,5 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.
Bugungi kunda viloyatdagi 65 mingta tadbirkorlik sub’ekti uchun SMM-menejer, mobilograf, grafik dizayner, marketolog, ma’lumotlar tahlilchisi va sun’iy intellekt mutaxassislariga ehtiyoj 129 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Markazdagi ta’lim dasturlari ana shu talabdan kelib chiqib shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari yoshlar yaratgan startaplar bilan yaqindan tanishib, ularning bilim va intellektual salohiyatiga yuqori baho berdi. Samimiy muloqot davomida yigit-qizlar mamlakatimizda startap ekotizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbus va takliflarini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida Baliqchi tumanidagi “Sokin savdo servis” parrandachilik klasteri faoliyati bilan ham tanishdi.
Parranda go‘shti parhezbopligi va hamyonbopligi bilan aholi ratsionida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda yirik parrandachilik majmualarini tashkil etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va bozorni sifatli mahsulotlar bilan barqaror ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur parrandachilik klasteriga 2010-yilda asos solingan. Bugungi kunda uning Andijon viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 3 ta xo‘jaligi mavjud. Toshkent viloyatidagi korxonada esa parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqariladi.
Klasterda ozuqa tayyorlash, parranda boqish, so‘yish, go‘shtni qayta ishlash, qadoqlash va iste’molchiga yetkazib berishni qamrab olgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yaratilgan. Go‘shtni qayta ishlash majmuasi avtomatlashtirilgan bo‘lib, yuqori gigiyenik talablarga javob beradi.
Loyihaning umumiy qiymati 29 million dollarni tashkil etadi. Klasterda 417 nafar kishi mehnat qilmoqda.
Ayni paytda majmuada 1,5 million dona broyler tovug‘i parvarishlanmoqda. Yiliga 8,2 million dona broyler boqish va 20,6 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish imkoniyati mavjud.
Majmuada yiliga 55 ming tonna tovuq go‘shti va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash quvvatlari yaratilgan. Mahsulotlar “Halol”, HACCP va ISO standartlari asosida ishlab chiqariladi.
Joriy yil boshidan klasterda naslchilik yo‘nalishi ham yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 25 ming dona naslli ona tovuq parvarishlanib, yiliga 9 million dona tuxumdan 7,6 million dona broyler jo‘ja olish rejalashtirilgan.
2027-yil yakuniga qadar parranda chiqindilarini qayta ishlashga mo‘ljallangan rendering liniyasi ishga tushiriladi hamda parranda boqishda ko‘p qavatli katak tizimi joriy etiladi. Ushbu ikki loyihaga 10 million dollar yo‘naltiriladi.
Shuningdek, faoliyati to‘xtab qolgan yoki moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan parrandachilik xo‘jaliklarini klaster bilan yagona kooperatsiya tizimiga birlashtirish taklif etilmoqda. Ushbu tashabbus 350-400 ta ish o‘rnini qayta tiklash va qo‘shimcha 1,7 million dona parranda yetishtirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbariga klasterdagi ishlab chiqarish jarayonlari, tayyor mahsulotlar va istiqbolda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Agroklaster Oltinko‘l” korxonasida Shinjon usuli asosida paxta yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy ishlanma va yondashuvlarni ishlab chiqarishga tatbiq qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 9-dekabrdagi paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirishga doir qarori bu boradagi ishlarni kengaytirish uchun muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Paxtachilikda Shinjon usulining qo‘llanilishi hosildorlikni sezilarli oshirish bilan birga suv, o‘g‘it va boshqa resurslarni tejash, g‘o‘zani parvarishlash xarajatlarini kamaytirish imkonini bermoqda.
“Agroklaster Oltinko‘l” korxonasining umumiy ekin maydoni 850 gektarni tashkil etadi. Shundan 23 gektarida Shinjon usuli asosida paxta yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Shinjon texnologiyasida chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekiladi. Bu tuproq namligi va haroratini barqaror saqlashga, chigitning erta va bir tekis unib chiqishiga xizmat qiladi.
Tomchilatib sug‘orish va oziqlantirish tizimi orqali suv hamda o‘g‘it bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada ortiqcha sarfning oldi olinib, suv 40 foizgacha, o‘g‘it esa qariyb 30 foizga tejaladi.
An’anaviy usulda bir gektar maydondan o‘rtacha 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida ushbu ko‘rsatkich 60-70 sentnerga yetadi. Plyonka ostida shakllangan qulay mikroiqlim tufayli hosilni an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun ertaroq yig‘ib olish mumkin.
Korxonada agrotexnik tadbirlarning asosiy qismi agrodronlar yordamida bajarilmoqda. Bu maxsus texnikalardan foydalanish ehtiyojini va yoqilg‘i sarfini keskin kamaytirmoqda.
Davlatimiz rahbariga loyihaning natijalari, iqtisodiy samaradorligi va mazkur texnologiyani yanada kengaytirish rejalari haqida axborot berildi.
Andijon viloyati Asaka tumanidagi adirliklar musaffo havosi va o‘ziga xos tabiati bilan ajralib turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tumanning “Yangi hayot” hududidagi 192 gektar maydonda barpo etilgan ekoturizm majmuasiga tashrif buyurdi.
Loyiha davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Tabiat va zamonaviy qulayliklar uyg‘unlashgan ushbu maskan qisqa vaqtda aholi va sayyohlar e’tiborini tortdi.
Majmua baland tepalikda joylashgan bo‘lib, bu yerdan tumanning keng manzarasi namoyon bo‘ladi.
Hududda kapsula shaklidagi 4 ta zamonaviy dam olish uyi va milliy uslubdagi 5 ta o‘tov o‘rnatilgan. O‘ttiz gektar maydonda manzarali daraxtlar va archalar ekilgan. Oilaviy restoran, turli attraksionlar hamda zamonaviy tungi yoritish tizimi tashkil etilgan.
Majmuada tabiiy muhitni saqlash va resurslardan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Hududda 14 ming kub metr sig‘imga ega membranali suv havzasi qurilgan. Daraxt va ekinlar to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi orqali sug‘oriladi.
Loyihaning umumiy qiymati 51,8 milliard so‘mni tashkil etadi. Uning amalga oshirilishi natijasida mahalliy aholi uchun 275 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, bog‘da yetishtiriladigan uzumni eksport qilish rejalashtirilgan.
Muassasa to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 80 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilishi hamda mahalliy byudjetga 3 milliard so‘m tushum ta’minlanishi kutilmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Uzum bog‘i” majmuasi Andijon viloyatining jozibador sayyohlik maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Shu yerda yozilgan dasturxon atrofida davlatimiz rahbari viloyat faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda Andijonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, aholi farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish haqida so‘z bordi.
Tadbir davomida madaniy dastur va dronlar shousi namoyish etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrining O‘rikzor mahallasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi bilan tanishdi.
Mashrab va Sarikuy ko‘chalarini qamrab olgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 18 milliard so‘m bo‘lib, shundan 8 milliard so‘mi respublika byudjeti, 10 milliard so‘mi tadbirkorlar mablag‘i hisobidan moliyalashtirildi.
Ko‘chaning umumiy uzunligi 1,2 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda piyodalar va velosipedlar uchun keng va xavfsiz yo‘laklar barpo etildi, zamonaviy landshaft dizayni yaratildi, favvoralar va turli yoritish vositalari o‘rnatildi. Selfi hududlari, ochiq sport maydonchalari, bolalar uchun ekomaydonchalar hamda oilaviy dam olish maskanlari tashkil qilindi.
Hududdagi 35 ta savdo ob’ektida 30 ta tadbirkorlik sub’ekti 24/7 tartibda xizmat ko‘rsatadi. Loyiha doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ko‘cha kuniga 10 mingdan ziyod aholi va sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Davlatimiz rahbari ko‘cha bo‘ylab sayr davomida aholi va tadbirkorlar bilan samimiy muloqot qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi Boburshoh ko‘chasining ikki qismini bog‘lovchi yangi yo‘lo‘tkazgich bilan tanishdi.
Inshoot shaharning ikki qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lab, transport harakatini yengillashtirish va ortiqcha aylanma yo‘lni bartaraf etishga xizmat qiladi. Umumiy qiymati 271 milliard so‘m bo‘lgan loyiha davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i asosida amalga oshirildi.
Yo‘lo‘tkazgichning umumiy uzunligi 796 metr, kengligi 25,9 metrni tashkil etadi. Uning 596 metri estakada, 200 metri esa tirgak devorli yo‘l qismidan iborat.
Yangi inshoot, eng avvalo, aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi 140 ming nafar aholi endilikda 5,3 kilometr ortiqcha yo‘l bosmaydi.
Shuningdek, maxsus xizmatlarning qatnov masofasi 15 kilometrdan 9,3 kilometrga qisqardi. Ortiqcha masofa hamda temir yo‘l kesishmasidagi kutishlarning bartaraf etilishi natijasida manzilga yetib borish vaqti 17 daqiqagacha kamayadi.
Ayniqsa, bu shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega. Endilikda bemorlarni shoshilinch tibbiy yordam markaziga avvalgidan 14 daqiqa ertaroq yetkazish imkoni yaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari