Andijonda savdo yarmarkalari tashkil etildi
Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Andijon shahrining qator hududlarida savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Viloyat hokimining tashabbusi bilan Andijon shahrining Markaziy hamda Dehqon bozori, shuningdek, 13 ta mahalla guzarida ish boshlagan oziq-ovqat savdo yarmarkalari rastalaridan “Andijongo‘shtsutsavdo”, “Andijonbaliq” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari va savdo tashkilotlarining mahsulotlari o‘rin olgan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari, dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan.
Hamyurtlarimizning bayram dasturxonlari to‘kin bo‘lishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkalari shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Qolaversa, savdoga qo‘yilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Bundan tashqari, namunali xizmat ko‘rsatilishi, plastik kartalar orqali ham savdolar yo‘lga qo‘yilganligi ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.
[gallery-6177]
– Yarmarkadagi mahsulotlarning bozorga nisbatan 20-25 foiz arzon narxda sotilayotganligidan xursandmiz, – deydi Andijon shahridagi Iqbol mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, mehnat faxriysi Muxarramxon Xudoyberdiyeva. – Bir kilogramm mol go‘shtini 55 ming so‘m, tuxumning donasini 900 so‘m, tovuq go‘shtining kilosini 22 ming so‘m, baliq go‘shtini 13-25 ming so‘m, guruchni 8 ming so‘m, paxta yog‘ini 17 mingdan sotib olyapmiz. Bu bizga bayram tuhfasi bo‘ldi.
Xalqimiz uchun mehr-oqibat, ezgulik timsoliga aylangan Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etilgan mazkur savdo yarmarkalari aholiga qulaylik yaratish bilan birga, bayram arafasida narx-navoning oshib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.
Savdo yarmarkalari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA