Andijonda eng faol tadbirkorlar taqdirlandi
Andijonda “Mahallaning rivojlanishi va obodligiga hissa qo‘shgan eng yaxshi tadbirkor” tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichida har bir tuman va shahardan bir nafardan belgilangan yo‘nalishda eng yaxshi faoliyat olib borgan 16 nafar tadbirkor ishtirok etdi.

– Tanlovning asosiy maqsadi tadbirkorlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada kengaytirish, mahallalarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun biznes muhitini yaratishga ko‘maklashishga qaratilgan, – deydi Andijon vitloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ominaxon Ibragimova.
– Qolaversa, tadbirkorlarning ana shu sohadagi mahorati, moliyaviy va huquqiy bilim va tushunchalarini boyitish, ayollar va yoshlar tadbirkorligi bilan bog‘liq ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iborat.

Tanlov Ishchi guruhining xulosasiga ko‘ra, Oltinko‘l tumani Mirobod mahallasida faoliyat ko‘rsatayotgan “Ravon taraqqiyot orzusi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abduhoshim Ismoilov birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
“Ravon taraqqiyot orzusi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilda 1 ming 200 nafarga yaqin kishi, asosan, yoshlar va ayollar ish bilan ta’minlandi. Mahalla hududidagi kam ta’minlangan oilalar xolidan muntazam xabar olib turildi.

Ayniqsa, pandemiya davrida 100 dan ortiq ehtiyojmand oilalarga yordam tariqasida oziq-ovqat va korxonada ishlab chiqarilgan poyabzal mahsulotlaridan berildi. Shuningdek, 56 ta kam ta’minlangan, yolg‘iz yashovchi va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga yangi yil sovg‘alari ulashildi.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Shahrixon tumanidagi Mullaboy mahallasida faoliyat olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Otabek Samatovga, uchinchi o‘rin esa Jalaquduq tumanidagi Qilichmazor mahallasida ish olib borayotgan “Ravon taraqqiyot orzusi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Odinaxon G‘oziyevaga nasib etdi.

Ko‘rik-tanlovning g‘olib va sovrindorlari viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda mahallalar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotgan korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda mahalla tizimida ishlab, xayriya, mehr-saxovat ishlarini amalga oshirayotgan, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishda namuna bo‘layotgan bir guruh fuqarolar ham rag‘batlantirildi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA