Andijonda Belarus mahsulotlarining taqdimoti o‘tkazildi
Belarus Respublikasi Vitebsk oblastidagi go‘sht, sut va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillaridan iborat delegatsiya Andijon viloyatida bo‘ldi.
Belaruslik mehmonlar Andijon xalqaro aeroportida viloyat hokimligi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan o‘zbekona mehmondo‘stlik bilan kutib olindi.
O‘zbekiston va Belarus Respublikalari Prezidentlari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy, madaniy va boshqa qator sohalardagi hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. Jumladan, Andijon viloyati va Vitebsk oblasti o‘rtasidagi hamkorlik, yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kirishilganligi ana shu yo‘nalishdagi ishlarning amaliy namunasidir.
O‘zaro hamkorlik bo‘yicha hududlar o‘rtasida imzolangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Vitebsk oblastidagi go‘sht, sut va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillarining Andijon viloyatiga tashrifi ham hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
– Tashrifimizning asosiy maqsadi, Andijon viloyatdagi turdosh korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish, – deydi Vitebsk oblasti ijroqo‘mi iqtisodiyot qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Janna Sharando. – Qolaversa, o‘zaro tajriba almashish, mavjud imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Ishonamanki, tashrif davomida qator kelishuvlarga erishamiz.
[gallery-31437]
Tashrifning birinchi kunida beloruslik mehmonlar ikki guruhga bo‘lingan holda Andijon viloyatidagi qator korxonalarda bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, trikotaj va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Trud-Vitebsk”, “Lyubava LYUKS”, “Belvest”, “Belvest Riteyl Moskva” singari qator korxonalar vakillari Andijon shahrida “DIROM Jeans” brendi asosida jinsiy va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan “BOBUR HBK”, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “DINAR GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, shuningdek, Oltinko‘l tumanidagi “Charm-poyabzal” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar, tashkil etilgan bozor, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Go‘sht, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari esa Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” ko‘p tarmoqli naslchilik fermer xo‘jaligi, Bo‘ston tumanidagi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “RASHMILKY” korxonasi, Sarijo‘ga mahallasidagi chorvachilik kompleksi, Asaka tumanidagi “Baraka hamkor parranda” MCHJ tomonidan tashkil etilgan parrandachilik kompleksi faoliyatlari bilan tanishdi.
Tashrifning ikkinchi kunida viloyat savdo-sanoat palatasida Belarus korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi va ularning taqdimoti o‘tkazildi.
– Korxonamiz “tushenka”lar hamda kichik yoshdagi bolalar uchun 50 dan ortiq turdagi maxsus konserva mahsulotlari ishlab chiqaradigan Belarus Respublikasidagi yagona korxona hisoblanadi, – deydi “Orshansk go‘sht-konserva kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Konstantin Chexovskiy. – Mahsulotlarimiz tabiiy, ya’ni yangi go‘shtdan tayyorlanadi. Shu bois, mahsulotlarimiz barcha sifat talablariga to‘la javob beradi. Mahsulotlarimizning qariyb 50 foizi qo‘shni va xorijiy davlatlarga eksport qilinadi. Taqdimotda andijonlik tadbirkorlarni mahsulotlarimiz bilan tanishtirdik, ular ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. O‘zbekiston bozorida ham mahsulotlarimiz o‘z xaridorini topa oladi, deb o‘ylayman.
Taqdimotdan so‘ng mehmonlar Andijon tumani Jevachi mahallasida joylashgan “Molochnaya radost” sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar Andijon shahrining markaziy dehqon bozori hamda boshqa diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari