Andijonda ekin ekishning yangi usuli sinalmoqda
Seminarda xitoylik mutaxassislar bilan bu kabi saʼy-harakatlarni Andijonda birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.
Andijon viloyatida gʻoʻza qator oralariga soya ekish boʻyicha yangi tajriba sinovdan oʻtmoqda. Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Oq suv” fermer xoʻjaligida oʻtkazilgan koʻrgazmali seminarda shu haqda fikr almashildi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari, olimlar va xitoylik mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda yangi usulning agrar imkoniyatlari oʻrganildi.
– Ikki turdagi ekinni bir maydonda qoʻshsha yetishtirish tajribasi asosan Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Misrda yaxshi rivojlangan, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Bahodir Xoliqov. – Xitoyda gʻoʻza bilan bugʻdoy, sholi yoki raps kabi ekinlar bir joyga ekiladi. Bu, ayniqsa, Xitoyning janubiy viloyatlarida keng qoʻllanilib, yuqori hosil olinmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Xitoyda hamkor ekish texnologiyasi asosida yiliga qoʻshimcha 9,78 million tonna don, 150 ming tonna paxta tolasi yetishtiriladi. Dukkakli ekinlar bilan birga oʻsgan paxta hosili yuqori boʻlgani kuzatilgan.
Seminarda xitoylik mutaxassislar bilan bu kabi saʼy-harakatlarni Andijonda birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.