Andijon shahrida yangi ko‘prik qurildi
Andijon shahrining Eski shahar qismi markaziy ko‘chasida piyodalar uchun yo‘l usti ko‘prigi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘prik ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijonda ham keyingi yillarda keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligi, ayniqsa, yo‘llarning keng, ravon, nafaqat avtomobillarga balki yo‘lovchilar uchun ham qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilayotganligini aytib o‘tdi.

Andijon viloyatida so‘nggi yillarda transport vositalarining ko‘payib borayotganligi hisobiga qatnovlar ko‘p bo‘ladigan ko‘chalarda tirbandliklar, yo‘lovchilarning harakatlanishida qiyinchiliklar yuzaga kelayotgan edi. Jumladan, Andijon shahrining Markaziy dehqon bozori va “Jome’” majmuasini tutashtiruvchi Mustaqillik shoh ko‘chasida ana shunday tirbandlik mavjud edi.
Viloyat hokimining tashabbusi bilan Markaziy dehqon bozori va “Jome’” majmuasini bog‘lovchi yo‘l ustiga piyodalar uchun ko‘prik qurilganligi avtomobillar harakatini tartibga solish, tirbandliklar yuzaga kelishining oldini olish bilan birga, piyodalar, ularning xavfsizligi uchun katta qulaylik yaratadi.

Mustaqillik shoh ko‘chasidagi uzunligi 48,5 metr, eni 3 metr, balandligi 5,7 metr bo‘lgan yer usti ko‘prigining ishga tushganidan andijonliklar behad mamnun.
Umumiy loyiha qiymati 2713,6 million so‘m bo‘lgan, qurilish ishlari 2020 yil avgust oyida boshlangan mazkur ko‘prik «Andijon ko‘priklardan foydalanish» unitar korxonasi quruvchi va mutaxassislari tomonidan barpo etildi. Tadbirda quruvchilar mehnati alohida e’tirof etildi.
Tantanali tadbirda transport vositalari harakati va piyodalar uchun katta qulaylik yaratadigan ushbu ko‘prik uzoq yillar xalqimizga xizmat qilishini, yurtimiz tinch va yanada obod bo‘lishini tilab, keksalar duo qildi.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA