Anatol Liven: «O‘zbekiston tinch atom energetikasini rivojlantirishda mas’uliyatli yondashuv namunasini namoyon etmoqda»
Vashingtondagi Mas’uliyatli davlat boshqaruvi instituti Yevrosiyo dasturi direktori Anatol Liven 26-iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Yadro qurolidan xoli hudud bo‘yicha Toshkent muloqoti» yakunlari yuzasidan so‘zga chiqib, O‘zbekistonning yadro xavfsizligini ta’minlash va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni ilgari surishdagi roliga yuksak baho berdi.
Uning fikricha, O‘zbekistonning yadro qurolidan xoli hududni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyoning boshqa mintaqalari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlari yadro quroli bilan bog‘liq masalalarda o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik modelini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi.
«Aynan shu bois O‘zbekiston ilgari surgan ushbu tashabbus o‘zining dolzarbligi va salmoqli ahamiyati bilan ajralib turadi. U Markaziy Osiyo davlatlari umumiy tinchlik maqsadi yo‘lida birlasha olishiga yaqqol misol bo‘lmoqda», — deya ta’kidladi A. Liven.
Ekspert global iqlim o‘zgarishlari sharoitida atom energetikasini rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, kam uglerodli energetikaga o‘tish jarayoni atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishga bo‘lgan ehtiyojni tobora oshirmoqda. Shu bilan birga, energiya manbalarini tanlashda mintaqaning ekologik xususiyatlarini inobatga olgan holda puxta va mas’uliyatli yondashuv zarur.
Anatol Liven ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika siyosatini shakllantirishda kompleks yondashuvni namoyon etmoqda. Bu yondashuv dekarbonizatsiya vazifalarini amalga oshirish bilan bir qatorda Markaziy Osiyoning suv resurslaridan oqilona foydalanish zaruratini ham o‘zida mujassam etadi. Bunday yondashuv mamlakatning barqaror rivojlanish hamda mintaqaviy ekologik xavfsizlik masalalariga nisbatan mas’uliyatli munosabatini yaqqol ifoda etadi.
Konferensiya yakunlarini sarhisob qilar ekan, ekspert tadbirning yuksak tashkiliy saviyasini alohida e’tirof etib, O‘zbekistonning tinchlik tashabbuslarini ilgari surishdagi muhim rolini ta’kidladi. «O‘zbekiston Markaziy Osiyoda muhim tashabbuslarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi hamda butun mintaqa uchun mas’uliyatli va tinch taraqqiyotning yorqin namunasini namoyon etmoqda», — deya xulosa qildi Anatol Liven.