Anadolu: Turkiya ilk bor boshqaruvsiz amfibiya hujum texnikasini namoyish etdi
Turkiyaning “FNSS” mudofaa kompaniyasi “TEKNOFEST Mavi Vatan” dengiz mudofaasi ko‘rgazmasida “I-ZAHA” nomli boshqaruvchisiz modulli amfibiya hujum vositasini namoyish etdi.
Ushbu yangi ishlanma avvalroq muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan va Turkiya harbiy-dengiz kuchlari safiga qabul qilingan ekipajli “ZAHA” harbiy mashinasi negizida ishlab chiqildi. Kompaniya bosh direktori Selim Baybasning ta’kidlashicha, g‘oya paydo bo‘lganiga atigi olti oy bo‘lganiga qaramay, mutaxassislarning tinimsiz mehnati evaziga loyiha qisqa fursatda hayotga tatbiq etildi.
Yangi model to‘liq avtonom boshqaruv tizimiga ega bo‘lib, ko‘plab murakkab harbiy vazifalarni bajarishga moslashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, “I-ZAHA” amfibiyasi askarlarni tushirish amaliyotlarida inson hayotini xavfga qo‘ymasdan va tahlikali topshiriqlarni bajarish uchun mo‘ljallangan. Harbiy mashina masofadan turib “dasta” (swarm) rejimida boshqariladi.
“FNSS” rahbariyati mahsulotning birinchi bosqich yetkazib berish ishlari yakunlangani va keyingi turkumlarni ishlab chiqarish uch smenada jadal davom etayotganini bildirdi. Bundan tashqari, kompaniya xalqaro bozorda ushbu segmentda jiddiy raqobat yo‘qligidan foydalanib, yangi amfibiyalarni Turkiyaning ittifoqchi mamlakatlariga eksport qilishni ham rejalashtirmoqda.
(Ushbu maqola O‘zA va Anadolu axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga muvofiq tayyorlandi)
F.Yaxshiboyeva, O‘zA