“Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilariga
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Avvalo, buyuk davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur va temuriylar tarixi hamda merosini o‘rganish va targ‘ib etishdek muhim ishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan siz, azizlarni bugungi xalqaro ilmiy konferensiyaning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar – professor va akademiklar, nufuzli universitetlar va ilmiy markazlarning namoyandalari, ijodkor ziyolilar, mashhur muzey va kutubxonalarning yetakchi xodimlari, ko‘plab ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etayotgani xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga jahon miqyosida qiziqish va e’tibor tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Konferensiya Amir Temur tavalludining 690 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotgan kunlarda O‘zbekistonning uch ming yillik betakror ilmiy-madaniy meros durdonalarini o‘zida mujassam etgan Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovor.
Mazkur ilmiy forum o‘lkamiz tarixidagi ulug‘vor va yorqin bosqichni tashkil etadigan Ikkinchi Uyg‘onish davri – temuriylar Renessansi mohiyatini chuqur tahlil qilish, qizg‘in muhokamalar o‘tkazish, yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Aziz do‘stlar!
Olis XIV asrda, g‘oyat murakkab bir zamonda hozirgi O‘zbekiston hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, Vatan ozodligi, yurt tinchligi va obodligi yo‘lida jasorat ko‘rsatgan buyuk ajdodimiz Amir Temur asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida qanday o‘chmas iz qoldirgani sizlarga yaxshi ma’lum.
Bu haqda gapirganda, dunyodagi o‘nlab davlatlar hududida Amir Temur va temuriylar davriga oid me’moriy obidalar hozirga qadar saqlanib kelayotgani, turli mintaqa va mamlakatlarda bu ulug‘ shaxs va uning sulolasiga bag‘ishlab ko‘plab badiiy, ilmiy va tasviriy asarlar yaratilganini ta’kidlash lozim.
Ma’lumki, Amir Temur ota yurti Shahrisabzda o‘zi bunyod ettirgan go‘zal me’moriy obida – Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan so‘zlarni yozdirgan edi.
Bu hikmatli so‘zlar bugungi kunimiz uchun ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va adolat hukm surgan joydagina ilm-ma’rifat, san’at, adabiyot va madaniyat taraqqiy topadi.
Shu ma’noda, temuriylar Renessansi nafaqat Turon o‘lkasi, balki butun Sharq olamining ilm-fani va madaniy ravnaqiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, yangi ma’naviy yuksalish davrini boshlab bergani bejiz emas.
Ushbu sulolaning mashhur namoyandalari bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek, Boysunqur Mirzo, Ibrohim Sulton, Sulton Husayn Mirzo, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo va boburiylarning ilmiy kashfiyotlari, yetuk badiiy asarlari ana shu noyob madaniy fenomen mahsuli sifatida vujudga kelganini jahon olimlari keng e’tirof etadilar.
Yangi O‘zbekistonda Amir Temur va temuriylar merosining umumbashariy sivilizatsiya tarixidagi o‘rni va ahamiyatini o‘rganish, uni yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga binoan har yilning aprel oyi mamlakatimizda Amir Temur oyligi deb e’lon qilinishi, mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.
Bugungi anjuman ham ana shu yo‘ldagi yana bir amaliy qadam bo‘lib, biz O‘zbekistonning haqiqiy do‘stlari bo‘lgan sizlar kabi zahmatkash olim va tadqiqotchilar bilan temuriylar Renessansini, umuman, boy merosimizni chuqur o‘rganish, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-ma’naviy islohotlar bilan jahon jamoatchiligini yanada keng tanishtirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettiramiz.
Anjuman davomida sizlar xalqimiz dahosi bilan yaratilgan yurtimizdagi tarixiy-me’moriy obidalar, madaniy yodgorliklar, nodir qo‘lyozma va kitob fondlari bilan yaqindan tanishib, ularni tadqiq etish, asrash va targ‘ib etish bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalaringizni bildirasiz deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda yangi yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti