Alisher Navoiyning jahon adabiyotidagi o‘rniga bag‘ishlangan anjuman
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Alisher Navoiy 1466-1468 yillarda Samarqandda yashab, Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasida tahsil olgan. Buyuk mutafakkirning Samarqandda o‘qigani bizga cheksiz faxr bag‘ishlaydi. Bu haqda Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatgan akademiklar Vohid Abdullayev, Botirxon Valixo‘jayev tadqiqotlar olib borgan.
Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida eng muhim ilmiy ishlar Samarqand davlat universitetida amalga oshirilgan, ko‘plab taniqli navoiyshunoslar ushbu ta’lim dargohidan yetishib chiqqan. Bu jarayon bugun ham davom etmoqda.
SamDUda bo‘lib o‘tgan “Alisher Navoiyning jahon adabiyotida tutgan o‘rni” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida shular haqda so‘z bordi.
Anjumanni SamDU rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi. Samarqandda shakllangan o‘zbek adabiyoti tarixi maktabining olamshumul yutuqlari nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlandi. Bugun mazkur maktab faoliyatini jonlantirish yuzasidan qator ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda chet ellik olimlarning ham o‘z o‘rni bor, albatta.
Anjumanda Ozarbayjon milliy ilmlar akademiyasidan Habibbiylo Iso Akbar o‘g‘li “Ozarbayjon navoiyshunosligining yangi sahifasi”, Turkiya Mug‘la sitki ko‘chman universitetidan Mustafo O‘g‘urlu “Alisher Navoiy va turkiy til” mavzularidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
SamDU professori, filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinov, taniqli adabiyotshunos olimlar Hotam Umurov, Ibodulla Mirzayev, Juma Hamroyevlarning ma’ruzalarida Alisher Navoiy ijodi, uni bugungi kunda o‘rganishning dolzarb jihatlari tahlil etildi.
Otabek SA’DULLAEV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi