Alisher Navoiy tili hamisha barhayot!
Til har bir millatning ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita, eng qadrli boyligi sanaladi. Tilning davomiyligini, umrboqiyligini unda so‘zlovchilarning milliy g‘ururi, kuch-qudrati, adabiyoti va san’ati hamda ajdodlaridan qolgan adabiy merosi belgilaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan joylarda qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Chirchiq shahridagi harbiy qism xizmatchilari bilan O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy tili hamisha barhayot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdi.

Tadbirda ishtirok etgan olimlar, adiblar davlat tilining jamiyatimizdagi ahamiyati, mamlakatimizdagi ko‘p sonli millatlar o‘rtasidagi ahillikni ta’minlashdagi o‘rni, uning tarixi va ertangi kuni, kelajagi haqida so‘z yuritdi.

– Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilarning ma’naviy-marifiy bilimlarini oshirish va ularni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi Dilfuza Mahkamova. – Bu galgi tadbirimiz 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlandi. Ma’lumki, ona tilimizning nufuzi va mavqeini oshirish, barcha sohalarda keng qo‘llanilishini ta’minlash borasida qator ishlar olib borilmoqda. Bu bejiz emas. Zero, ona tilimiz ravnaqiga qaratilgan sa’y-harakatlar uning umrboqiyligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbirning badiiy qismida harbiy xizmatchilar va “Yosh temurbeklar” maktabi o‘quvchilari Alisher Navoiy g‘azallaridan, o‘zbek tiliga bag‘ishlab yozilgan she’rlardan parchalar o‘qidi. Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyorlari monologlar o‘qishdi, qo‘shiqlar kuylandi hamda sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbir so‘nggida g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘yildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA