Alisher Navoiy siymosi - mangu barhayot
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘quv markazida so‘z mulkining sultoni, hazrat Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan «Alisher Navoiy siymosi - mangu barhayot» nomli ma’rifiy kecha tashkil etildi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mas’ul xodimi F.Hayitov va moliya vaziri maslahatchisi D.Bo‘riyev tomonidan Alisher Navoiyning davlat g‘aznasini boshqarishga oid islohotlari, adolatli jamiyat barpo etish va xalq farovonligini ta’minlashga doir qarashlari tahlil qilinib, o‘zbek adabiy tili rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, Yakkasaroy tuman madaniyat uyi qoshidagi dutorchi qizlar jamoasi tomonidan milliy kuylar ijro etilib, O‘zbekiston davlat drama teatri aktyorlari «Sab’ai sayyor» spektaklidan parcha ijro etishdi.
Ma’rifiy anjumanni video aloqa orqali hududiy moliya organlari xodimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishdi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilning fevral oyida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari munosabati bilan Moliya vazirligi huzuridagi tashkilotlar va hududiy moliya organlarida qator ma’naviy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zA