Alisher Navoiy odamzodni ogohlantirgan
----------------------------
Kamol et kasbkim, olam uyidin
Senga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o‘tmak biaynih
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
Bir qarashda mazkur qit’aning mazmun-mohiyatini tushunishda murakkablik yo‘qdek. Zohiran olganda, Alisher Navoiy pand-nasihat sifatida bu dunyoda yashashdan maqsad komillikka intilish va chin insoniy xulq-atvorni shakllantirishni vazifa qilib qo‘yayotgandek. Bu olamga kelgan inson dastlab ota-onasi parvarishida bo‘lib, mehr-muhabbati va ardog‘ida voyaga yetadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Hech bir ota farzandiga go‘zal tarbiyadan ko‘ra qimmatroq meros qoldira olmaydi», deb marhamat qilganlar. (Imom Termiziy rivoyati).
Xalqimizda «Qush uyasida ko‘rganini qiladi» degan maqol bejiz aytilmagan. Chunki ota-ona qanday inson bo‘lsa, oilada o‘sib-ulg‘aygan bola ham ular tarbiyasi va ta’limini o‘zlashtiradi. Muayyan ma’noda yaxshi yo yomon tomonga o‘zgaradi. Ammo bu inson uchun yetarli emas. Bora-bora, bu olamni o‘zi idrok etib, aql-farosati bilan tanish yo‘lini tutadi. Endi u bir ustoz va murabbiyga muhtojlik sezadi.
Ustoz va murabbiy o‘z bilim darajasi, saviyasiga suyangan holda aqli to‘lishgan bolaning qiziqishiga qarab, borliq olam sirlaridan voqif etadi. Ammo aytib o‘tilganlar kamolot kasb etishda dastlabki martaba va daraja, xolos. Shuni aniqlab olish lozimki, mazkur qit’ada Navoiy nazarda tutgan komillik maqomi nimayu uning darajasi qanday?
Mo‘’tabar manbalarga murojaat qilsak, insoniylik maqomi pastki va yuqori maqomlar – hayvoniylik va malakiylik maqomi o‘rtasida joylashganini anglaymiz. Agar inson qalbi va ruhini poklash yo‘lini tutsa, malakiylik maqomiga qarab yuksalib boradi. Mabodo qalbi va ruhini poklamasa, omonat umrini faqat aysh-ishrat va rohat-farog‘atda yashab o‘tishga sarflasa, o‘z-o‘zidan hayvoniylik maqomiga tushadi.
O‘z nafsini jilovlay olmay, yomonliklarga qo‘l urgan kishi azizu mukarramlikdan mosuvodir. Qur’oni karimda bunday keladi: «Batahqiq, kim u (nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi. Va batahqiq, kim u (nafs)ni kirlasa, noumid bo‘ldi» (Shams surasi, 9-10-oyatlar).
Nafsini jilovlagan kishi esa jannatiy bo‘ladi: «Ammo kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo‘lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo‘lur» (Noziot surasi, 40–41-oyatlar).
Nabiy muhtaram sollallohu alayhi va sallam: «Havoyi nafsi yo‘ldan uradigan, nafs quli bo‘lgan banda naqadar yomondir», deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ibrohim Haqqul «Kamol et kasbkim…” deb nomlangan mo‘’jaz risolasida unga batafsil to‘xtalib, bunday fikr bildiradi: «Kishi o‘zini hirs, tama, nafs, g‘aflat, nodonlik singari mayllaridan poklamasa, u hech payt komil bo‘lolmaydi. Komillik uchun ulkan insoniy qalb, uni nurlantiruvchi so‘nmas ishq va keng qamrovli tafakkur zarur. Bularsiz ma’naviy-ruhiy mukammallik va aqliy balog‘at xususida so‘z aytish mumkin emas».
Komillik inson zabt etishi mushkul hisoblangan yoki xayoliy cho‘qqi ham emas. Ammo inson zotiga shu cho‘qqini zabt etish va butun kuch-quvvati-yu salohiyatini shunga qaratish amr qilingan. Oddiyroq tushuntiradigan bo‘lsak, odamzodning komillikka intilishi xuddi talaba topshiradigan sinov-imtihonga o‘xshaydi. Kimdir bu imtihonni muvaffaqiyatli topshirsa, kimdir yaxshi tayyorgarlik ko‘rmaganidan sinovdan yiqiladi. Buning uchun unga muayyan vaqt, imkoniyat, kuch-quvvat va qobiliyat ato etilgan. Inson o‘ziga ato etilgan umr, hayot va boshqa ulug‘ ne’matlardan foydalanish huquqiga ega. Biroq mazkur imkoniyatdan oqilona foydalanmas ekan, bu olam uyidan «g‘amnok» holda chiqishi tayin. Bu aqli raso inson nazdida katta yutqiziq emasmi?
KOMILLIK MAQOMIGA KO‘TARILISH UCHUN...
Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonida insoniy komillik maqomiga qay tarzda ko‘tarilib borish tasvirlari asosiy o‘rin tutadi. Farhod muayyan ilm, kasb-hunar egallashi va bu yo‘lda ancha mashaqqat chekishi samarasi o‘laroq insoniy komillik kasb etganini Navoiy shunday ta’riflaydi:
Quyosh yanglig‘ yorug‘ ra’yi muniri,
Vale andin yoruq mofizzamiri.
Vaholanki, bu ilm, kasb-hunar va mashaqqatlar komillik maqomiga ko‘tarilish uchun bor-yo‘g‘i vosita bo‘lib xizmat qilganini unutmaslik kerak. Farhod o‘zi egallagan ilm va kasb-hunarlar doirasida cheklanib qolgan emas. U muayyan ilm va mahorat hosil qilgandan keyin komillik pillapoyalaridan yanada yuksalishni qasd aylaydi hamda o‘zi yetib kelgan komillik martabasidan qoniqish his etmaydi.
Ustozi Suqrot ta’limini olib, Yunon safariga otlanadi, bu safari chog‘ida to‘siq va g‘ov bo‘lib turgan ajdaho, Ahriman dev, temir paykarlarni mahv etib, komillik cho‘qqisi sari ilgarilash uchun o‘ziga yo‘l ochadi. Natijada basirat – qalb ko‘zi ochilib, bu olam va borliqni oldingiga nisbatan boshqacha idrok etadi, uning sir va jumboqlari mohiyatini anglaydi.
Mazkur qit’a mo‘’jaz va oddiydek ko‘rinsa-da, ammo juda katta salmoq va qamrovga ega. Navoiy odamzod aqli va tafakkuriga xitob qilib, qarshisida ikki yo‘l, ya’ni poklanish yoki poklanmaslik masalasiga jiddiy qarash lozimligini uqtirmoqda. «Layli va Majnun» dostonida Majnunning iztirobi va dardchil nolalariga ahamiyat berilsa, nafsini poklash yo‘lida qiynalishi, buning uchun harakati sustligidan zorlanishlariga guvoh bo‘ladi.
Agar teranroq nazar solinsa, Majnunning xatti-harakatlari, atrofidagi odamlarga beparvo va loqaydligi «pessimistlik» bois yuzaga kelmagan, balki odamzod egallashi lozim bo‘lgan komillik cho‘qqisini zabt etishga qaratilgan. Hatto sahroga borib, u yerda yovvoyi hayvonlar bilan ulfat tutinadi. Chunki hayvonlar Majnun qalbi va diliga ozor yetkazmaydi, uni malomat qilmaydi, yanayam to‘g‘rirog‘i, komillik sari intilishiga xalaqit bermaydi. Chunki Majnun bu olamdan «g‘amnok» holda chiqish qay darajada og‘ir ekanini teran anglaydi.
Farhod va Majnun umumlashma hamda to‘qima obrazlardir. Bu olam yaralganidan beri insoniyat komillik cho‘qqisini zabt etishga intiladi, ammo qanchadan-qanchalari bu yo‘lning dastlabki dovonida, qanchalari o‘rtasida qolib ketgan. Shu ma’noda Farhod va Majnun insonlarga yuksak namuna va ibrat. Shu vaqtga qadar hech kim, hatto payg‘ambar va avliyo zotlar komillik cho‘qqisini zabt etganini da’vo qilishmagan. Bu komillik sari intilib yashashdan foyda yo‘q degani emas. Chunki hamma amallarning natijasi va samarasi bu olamda ko‘rinmaydi. Shu bois bu olamda yashagan inson xuddi hammomga kirib, yuvinib poklanmasdan chiqqan kishidek komillik sari intilmay, ya’ni loaqal o‘zining odam ekanini anglamay hayot kechirib, bir kuni afsus-nadomat bilan ketishi aqlga sig‘adimi?
Xulosa qilib aytganda, hazrat Navoiy ushbu qit’ada odamzod maqsadi va diqqat-e’tiborini ulug‘ maqomga ko‘tarilishga qaratib, ajali yetmasdan oldin o‘z tabiati va axloqini turli illatu yaramas fe’l-atvordan poklab olish kerakligi haqida ogohlantirmoqda.
Bobomurod ERALI,
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi tadqiqotchisi