Akvarelda ishlangan asarlar ko‘rgazmasi
Toshkent fotosuratlar uyida Olimjon Fozilovning “Akvarel” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Olimjon Fozilov 1951 yil Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tug‘ilgan. 1968-1975 yillarda P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan.

Ko‘rgazmada rassomning 60 ga yaqin akvarelda ishlangan asarlari, etyud va xomaki ishlari namoyish etildi. Ekspozitsiyadagi kichik hajmdagi akvarel ishlarida chuqur mazmun-mohiyat mujassam. Tevarak atrofdagi bir zumda bo‘lib o‘tayotgan voqelik kartinalarga ustalik va mahorat bilan muhrlangan. Bir qarashda real tasvirga ega bo‘lgan borliq kishida yo‘qlikka singib ketayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Birgina kartinada rassom rangtasvirning bir necha janrlarini jamlashga muvaffaqiyat bilan erishadi. Xususan, “Baqlanlar”, “Tarvuz mavsumi”, “Bo‘zsuv” kartinalardagi ba’zi detallar grafikaga xos yorqin chiziqlarda yaqqol tasvirlansa, kompozitsiyaning ba’zi qismlari impressionistlar kartinalaridagi singari havoga yo‘g‘rilib ketayotgandek go‘yo.

Kartinalar kompozitsion yechimi qanchalik teran xotimalangan bo‘lsa, ranglar gradatsiyalarining bir-biriga singib ketishi shunchalar jozibador chiqadi. Darvoqe, akvarelda rangtasvir asarlarini yaratish birmuncha mushkul. U ijodkordan tezlik bilan yechimga kelish hamda bir urinishda ishni tugallashdek nozik vazifani talab etadi. Shundan bo‘lsa kerak, akvarelda ishlaydigan rassomlar juda kamchilikni tashkil etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA