Aksariyat murojaatlar ijobiy hal etildi
Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan “Konstitutsiya kelajagimiz kafolati” shiori ostida tashkil etilgan huquqiy aksiya davomida fuqarolar o‘zlarining tizimga aloqador ko‘plab masalalariga javob oldi.
Aksiya doirasida adliya bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, DXM vakillari, FHDYO xodimlari hamda notarius, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti va advokatlarning yakka tartibdagi sayyor qabullari bo‘lib o‘tdi. Aholi vakillari mehnat huquqlari, oilaviy munosabatlar, sudga oid ishlar, tadbirkorlik, bank-kredit, meros va hadya masalalari, nikoh, tug‘ilish guvohnomasini olish kabi bir qator masalalarda mutaxassislarga murojaat qilishdi.
[gallery-11377]
– Oilada kenja farzandman va otamdan qolgan hovlida yashayman, – deydi Qarshi tumanilik Husniddin Xonimqulov. – Otam vafot etgan, onam hayot. Mendan katta akalarim yangi uy-joy qilib ko‘chib chiqib ketgan. Keksa onam “hovli joylarni tirikligimda o‘z nomingga o‘tkazib ol” deydi. Shu masalada anchadan buyon kimga murojaat qilishni bilmay qiynalardim. Adliya sayliga tasodifan kelib qoldim va mutaxassislardan savolimga batafsil javob oldim. Ishim oson bitadigan bo‘ldi.
Huquqiy aksiya doirasida barcha tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan mahalla va aholi turar joylarida “Konstitutsiya – kelajagimiz kafolati” shiori ostida huquqiy targ‘ibot hamda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. O‘tkazilgan sayyor qabullar natijasida 350 ga yaqin fuqarolarga “O‘zimiz keldik aksiyasi doirasida” davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Qashqadaryo viloyati yuridik texnikumi talabalaridan tuzilgan “Adliya qanotlari” klubi a’zolari tomonidan fuqarolarga “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi va tarqatma materiallar tarqatildi.
Aksiya davomida bir guruh yoshlar ishtirokida “Huquqiy viktorina” ham tashkil etilib, ishtirokchilarning huquqiy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Viktorinada faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Aksiya davomida fuqarolarning mehnat va oilaviy munosabatlari, soliq, kadastr va subsidiya masalalariga oid 60 dan ortiq murojaatlari qabul qilindi. 15 dan ortiq fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatildi hamda FHDYO bo‘limi tomonidan ikki yoshning nikohi tantanali ravishda qayd etildi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov
O‘zA