Akramjon Ne’matov: «Yangidan shakllanayotgan ko‘p markazli dunyoda Markaziy Osiyo o‘zaro hamkorlikning mustaqil markaziga aylanmoqda»
2026-yil 28-sentabr-1-oktabr kunlari Moskva viloyatining Istra shahrida «Kelajak oldidagi mas’uliyat: Imkoniyat chegaralarimi yoki cheksiz imkoniyatlarmi?» mavzusida “Valday” xalqaro munozara klubining XXIII yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ishtirok etdi.
Forum 40 davlatdan 120 ishtirokchini bir joyga to‘pladi. Unda rossiyalik ekspertlar bilan bir qatorda Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibida hozirgi dunyo taraqqiyotining keng doiradagi masalalarini qamrab olindi. Rasmiy ochilish marosimida Klubning «Vahimaga o‘rin yo‘q: davlat va kelajak oldidagi mas’uliyat» nomli yillik ma’ruzasi taqdim etildi.
Yig‘ilish doirasida ishtirokchilar Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin bilan uchrashdi. Forum Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi alohida yalpi majlis bilan yakuniga yetdi.
Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan qator jarayonlar ta’sirida dunyo tizimida yuz berayotgan chuqur transformatsiya bo‘ldi. Bir tomondan, jadal texnologik taraqqiyot, raqamlashtirish va sun’iy intellekt iqtisodiyot, mehnat bozori, xavfsizlik tizimi va hatto jamiyatlarning tuzilmalarini o‘zgartirmoqda. Boshqa tomondan esa, iqlim o‘zgarishlari, demografik silkinishlar, migratsiya va pandemiya bilan bog‘liq xavf-xatarlar milliy chegaralardan ancha tashqariga chiqadigan yangi uzoq muddatli tahdidlarni yuzaga keltirmoqda.
Bunday sharoitda yanada murakkab ko‘p markazli va ko‘p qutbli dunyoning shakllanishi keskin jadallashmoqda. Iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning yangi markazlari paydo bo‘lmoqda, Osiyo, Afrika va boshqa mintaqalarning roli ortib bormoqda. Yirik davlatlar bilan bir qatorda, o‘zining xos kun tartibini shakllantira oladigan va keng ko‘lamli tashqi aloqalar tarmog‘ini yo‘lga qo‘yishga qodir bo‘lgan barqaror va o‘zaro uzviy mintaqaviy makonlarning ahamiyati tobora yuksalmoqda. Bu jarayonlar raqobat va mavhumlik kuchayayotgan sharoitda kechayotgan bo‘lsa-da, ayni paytda muayyan davlatlar va mintaqalar uchun yangi imkoniyatlarga ham yul ochib bermoqda.
Ko‘plab inqirozlar va yangi imkoniyatlar g‘ayrioddiy kombinatsiyaga kirishgan bunday sharoitda davlatlarning mas’uliyati, suverenitet va milliy manfaatlarni hurmat qilish, ishonchni mustahkamlash hamda o‘zaro maqbul yechimlarni topish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, murakkablashib borayotgan dunyo bilan bog‘liq savollarga izolyatsiya va nazorat qilib bo‘lmaydigan raqobat emas, balki muloqot, hamkorlik va mavjud ziddiyatlar sharoitida kelisha olish qobiliyati javob bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Shundan kelib chiqqan holda, xalqaro institutlarni o‘zgarib borayotgan kuchlar nisbati va dunyodagi xilma-xillikning ortib borishiga moslashtirish, ularning vakillik darajasi va vakolat maqomini oshirish, taraqqiyotning yangi markazlari manfaatlarini imkon qadar to‘liq hisobga olish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, texnologik, iqlimiy, demografik va boshqa transchegaraviy tahdidlar shuni ko‘rsatmoqdaki, muttasil taraqqiyot va global barqarorlik hatto raqobat kuchayib borayotgan sharoitda ham qo‘shma qarorlarni taqozo etadi.
«Sharqda qanday quyosh chiqadi? Markazini Osiyo ifoda etadigan dunyo manzarasi» mavzusidagi sessiya alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Muhokamalar chog‘ida iqtisodiy faollik kengayib borayotgan Osiyo makoni tomon siljishda davom etayotgani qayd etildi. Tinch va Hind okeanlari makoni jahon iqtisodiy taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri deb baholandi hamda kelasi o‘n yilliklarda xalqaro rivojlanishning sur’atini belgilaydigan muhim jarayonlarning asosiy maydonlaridan bo‘lishi e’tirof etildi.
Bunda Osiyoda yangi yagona kuch markazining paydo bo‘lishi emas, balki yuksalish, savdo, texnologiya va transport borasida o‘zaro uzviy aloqadorlikda bo‘ladigan markazlarning murakkab tarmog‘i shakllanayotgani nazarda tutildi. Bunday makonda qit’aning turli hududlarini bir-biri bilan bog‘lay oladigan va ular o‘rtasida hamkorlik uchun sharoit yaratishga qodir bo‘lgan davlatlar va mintaqalar alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyoning ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mintaqa sezilarli ichki transformatsiya jarayonini boshdan kechirdi. Ilgari uning rivojlanishiga ko‘p jihatdan hal etilmagan chegara masalalari, cheklangan o‘zaro aloqadorlik va o‘zaro ishonchning sustligi ta’sir qilgan bo‘lsa, endi u davr o‘rnini birgalikda rivojlanish, iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish va barqaror mintaqaviy aloqadorlikni shakllantirish bosqichi egallamoqda.
A.Ne’matov yig‘ilish yakunlarini sharhlar ekan, bunday dedi: «Dunyoda yuz berayotgan bunday o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo mutlaqo yangi sur’at va sifatni namoyon etmoqda. Mintaqa haqida so‘z ketganda, faqat ziddiyatlar va hal etilmagan masalalar tilga olinadigan davr ortda qoldi. Bugun Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch oshib borayotgan, iqtisodiy aloqalar ko‘lami kengayayotgan, qo‘shma loyihalar soni va uzoq muddatli mushtarak manfaatlar qamrovi o‘sib borayotgan birgalikda rivojlanish makoni shakllanmoqda».

SMTI vakilining ta’kidlashicha, yangidan shakllanayotgan Osiyo makonida Markaziy Osiyo mintaqasi tobora muhim o‘rin egallamoqda. «Geografik jihatdan mintaqamiz Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Rossiya, Kavkaz va Yaqin Sharqni bog‘laydigan muhim yo‘nalishlar markazida joylashgan. Lekin bugun Markaziy Osiyoning ahamiyatini faqat uning geografik joylashuvi bilan belgilamaslik kerak. Mintaqaning ichki o‘zaro uzviy aloqadorligi ortib borayotgani Markaziy Osiyoni Yevroosiyoning muhim tutashuv nuqtalaridan biri bo‘lgan makon sifatida yanada ishonchli namoyon etish imkonini bermoqda. Bu makon orqali transport yo‘laklari, savdo oqimlari, energetik, investitsion va gumanitar aloqalar o‘tishi mumkin».
A.Ne’matovning fikricha, so‘nggi yillar tajribasi aynan global beqarorlik sharoitida alohida ahamiyat kasb etmoqda. «Shakllanayotgan ko‘p markazli dunyo faqat yirik davlatlardan iborat bo‘lmaydi. Endi o‘z ustuvor yo‘nalishlarini mustaqil belgilay oladigan, ichki masalalar bo‘yicha kelishishga qodir bo‘lgan va bir vaqtning o‘zida keng tashqi aloqalar tizimini shakllantira biladigan barqaror hududlar tobora muhim rol o‘ynay boshlaydi. Bugun Markaziy Osiyo aynan shunday modelni namoyon etmoqda. Bu model kimgadir qarshi turish emas, balki ichki o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash, har tomonlama maqbul bo‘ladigan murosa yo‘llarini izlab topish va umumiy manfaatlarni aniq loyihalarga aks ettirish orqali gavdalanadi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy taraqqiyotning yangi bosqichiga xos xususiyatlardan biri ham shu: «Bugun Markaziy Osiyodagi hamkorlik o‘zining ichki dinamikasiga ega. Keyingi yillarda murakkab masalalarning hal etilishi mintaqa davlatlarining uzoq muddatli manfaatlardan kelib chiqqan holda o‘zaro maqbul yechimlarni topish qobiliyatini namoyon etdi. Natijada ilgari asosan xavf-xatar va ziddiyatlariga ko‘p e’tibor berilgan Markaziy Osiyo endilikda keng imkoniyatlar va birgalikda rivojlanish makoniga aylanmoqda».

A.Ne’matov O‘zbekiston uchun yuz berayotgan jarayonlar alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnilik, o‘zaro ishonch va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosati nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga, balki butun Markaziy Osiyoning sub’ektlivligini – mustaqil ravishda qarorlar qabul qilishga qodirlik maqomi va salohiyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
«Valday» klubi yig‘ilishi doirasida A.Ne’matov xorijiy tahliliy, ilmiy va tadqiqot markazlari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlarda xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning asosiy tendensiyalari, Markaziy Osiyoni rivojlantirish istiqbollari, transport sohasida va iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, ekspertlar hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi, professional darajada yangi aloqalar qaror toptirildi va birgalikdagi ekspertlik-tahliliy ishlarni davom ettirish va yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zA