Akramjon Ne’matov: Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘zaro ishonch makonini shakllantirmoqda
“Markaziy Osiyo – Afg‘oniston” tahliliy markazlarining birinchi Forumi o‘z ishini yakunladi. Tadbir mintaqaviy hamkorlik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun yangi ekspert platformasiga aylandi.
Forum joriy yilning 5-aprel kuni Kobul shahrida tashqi siyosat idoralari darajasida o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo + Afg‘oniston" vazirlar maslahat muloqotining mantiqiy davomi bo‘ldi. Avvalroq, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti doirasida "Markaziy Osiyo + Afg‘oniston" formatidagi ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda Kobul forumini o‘tkazish va mazmunan boyitish bo‘yicha yondashuvlar muhokama qilingan edi.
Tadbir Markaziy Osiyo va Afg‘oniston davlat rahbarlari va tashqi siyosat idoralari huzuridagi Milliy strategik tadqiqotlar institutlari, akademik va ekspert hamjamiyatlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining diplomatik korpusi vakillarini Kobulda jamladi.
Kun tartibi keng qamrovli bo‘ldi. Siyosiy muloqot va mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, transport va energetika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va iqlim muammolariga alohida e’tibor qaratildi.
Ekspertlar muloqoti ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Mavlavӣ Amir Xon Muttaqiy "Markaziy Osiyo – Afg‘oniston" tahliliy markazlarining birinchi forumi o‘tkazilishini olqishladi va uni mintaqaviy muloqotni institutsionallashtirish yo‘lidagi muhim qadam deya baholadi.
U Markaziy Osiyo va Afg‘onistonni mushtarak taqdir, umumiy manfaatlar hamda mintaqa kelajagi oldidagi mas’uliyat birlashtirib turishini, shu bois bugun umumiy makonning rivojlanish yo‘nalishlarini mustaqil belgilash va o‘z mintaqaviy kun tartibini yaratish vaqti kelganini ta’kidladi. Afg‘oniston diplomatiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda CASA-1000, TAPI va transafg‘on transport yo‘laklari kabi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini ilgari surish asosiy yo‘nalishlar bo‘lishi lozim. Muttaqiy “Markaziy Osiyo – Afg‘oniston” ekspertlar platformasi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni oshirish va mintaqa kelajagiga doir umumiy qarashlarni shakllantirishning muhim vositasiga aylanishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit mintaqada Afg‘onistonga yondashuvlarda muhim o‘zgarishlar yuz berayotganini ta’kidladi – mamlakatni asosan xavfsizlik tahdidlari nuqtai nazaridan qabul qilishdan uni mintaqaviy rivojlanish va o‘zaro bog‘liqlik jarayonlarining ajralmas ishtirokchisi sifatida ko‘rib chiqishga o‘tilmoqda.
Ushbu yondashuvni ilgari surishda Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga konstruktiv jalb etish tarafdori bo‘lgan O‘zbekiston muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasida muloqot, jalb qilish va umumiy rivojlanish imkoniyatlarini izlashga asoslangan pragmatik hamkorlik borasida konsensus shakllanmoqda. Forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akromjon Ne’matov Afg‘onistonga nisbatan zamonaviy yondashuvlar tobora pragmatik tus olib, amaliy yechimlar izlashga yo‘naltirilayotganini qayd etdi.

Akramjon Ne’matovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Afg‘onistonga bo‘lgan yondashuvi tubdan o‘zgargan: uni asosan xavf-xatarlar manbai sifatida qabul qilishdan, shakllanayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo makonining muhim ishtirokchisi hamda mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyot tizimining ajralmas qismi sifatida ko‘rishga o‘tilgan.
Alohida ta’kidlanganidek, "iqtisodiy tarkibiy qismga faqat tijorat manfaati uchun e’tibor qaratilmaydi. Gap rivojlanishning o‘ziga xos tinchlikparvarlik dividendini shakllantirish haqida bormoqda. A.Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, "qo‘shma loyihalar, energetika tarmoqlari, transport yo‘laklari va savdo aloqalari qanchalik ko‘p bo‘lsa, barcha ishtirokchilarning tinchlik va barqarorlikni saqlashdan manfaatdorligi shunchalik yuqori bo‘ladi."
Shu munosabat bilan spiker faqat ikki tomonlama hamkorlik bilan cheklanib qolmasdan, to‘laqonli mintaqaviy hamkorlik arxitekturasini shakllantirishga o‘tishga chaqirdi. "Mintaqamiz o‘ziga yuklatilgan tranzit hudud, kuch markazlari o‘rtasidagi chekka hudud va bufer rolidan tashqariga chiqishga va umumiy makonimizning jahon iqtisodiyoti va global siyosatdagi o‘rnini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan o‘zaro hamkorlik modelini shakllantirishga qodir," – dedi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, "gap Markaziy va Janubiy Osiyo tashqi jarayonlarning ob’ekti emas, balki mustaqil rivojlanish markaziga – Yevroosiyoning muhim ishlab chiqarish va logistika tuguniga hamda global qo‘shilgan qiymat zanjirlarining ajralmas bo‘g‘iniga aylanadigan modelga o‘tish haqida bormoqda."
Iyun oyi boshida Afg‘onistonning nufuzli delegatsiyasi ishtirokida bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi aynan shu vazifaga bag‘ishlangani alohida ta’kidlandi. Akramjon Ne’matov bugungi kunda zamonaviy Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy sub’ektlikni mustahkamlash tamoyillariga asoslangan o‘z rivojlanish strategiyasiga ega bo‘lgan birlashgan mintaqa ekanligiga urg‘u berdi. "Markaziy Osiyo o‘z tajribasida eng murakkab masalalarni ham muloqot, murosa va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish orqali hal qilish mumkinligini isbotladi," – dedi u. Ekspert Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ko‘p o‘n yilliklar davomida birinchi marta yagona hamkorlik makonini shakllantirish uchun shart-sharoitlar shakllanayotganiga ishonch bildirdi. Shu munosabat bilan u ushbu tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslikka va mintaqaning ko‘p yillar davomidagi rivojlanishini belgilab beradigan uzoq muddatli jarayonlarni boshlash uchun hozirgi ijobiy dinamikadan foydalanishga chaqirdi.
A.Ne’matov O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini shakllantirishda asosiy sheriklardan biri deb bilishini va uni mintaqaviy jarayonlarga konstruktiv jalb etish uchun ochiqligini ta’kidladi. Shunga ko‘ra, Afg‘oniston ham qo‘shni davlatlar manfaatlarini hisobga olishi va barqaror, bashorat qilinadigan va qulay mintaqaviy muhitni shakllantirishga hissa qo‘shishi kerak. "Faqat shu yo‘l bilangina Markaziy va Janubiy Osiyoning barcha xalqlari manfaatlariga javob beradigan xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlikning umumiy arxitekturasini qurish mumkin," – deya ta’kidlandi nutq davomida.
Umuman olganda, forum ishtirokchilari "Markaziy Osiyo – Afg‘oniston" formati shakllanayotgan mintaqaviy hamkorlik arxitekturasining muhim elementiga aylanib, siyosiy muloqotni ekspertlar o‘lchami bilan to‘ldirayotganini tasdiqladi. Uchrashuv yakunida tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida uzoq muddatli barqarorlik, izchil rivojlanish va o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflarni shakllantirdi. Shuningdek, Kobul forumi mintaqaviy xavfsizlik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun muntazam maydonga aylanishi ta’kidlandi.
Tomonlar mintaqada ishonchni mustahkamlash, o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish hamda barqarorlik va taraqqiyotning uzoq muddatli arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan ekspertlar hamkorligini yanada chuqurlashtirish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
O‘zA