Akmal Saidovning Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 21-fevral kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 21-fevral kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasining raisi O‘.Mavlonov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili B.Bozorov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy choralar ko‘rish, buning uchun mahalliy vakillik organlari huzurida jamoatchilik komissiyalari tuzish hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini izchil rag‘batlantirish tizimini amaliyotga joriy etish, o‘zbek xalqining tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Uchrashuvda Navoiy shahridagi Mehribonlik uyi direktori D.Orziyeva va boshqalar nomzodning dasturi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, unda qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.