Akademik eshkak eshuvchilarning tarixiy yutug‘i
Shu kunlarda Chexiyaning Rachitse shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Jahon chempionati bahslari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, kecha o‘tkazilgan 2 ming metr masofali juftliklar bahsida Yevgeniy Agofonov va Shahzod Nurmatov 10 ta jamoa orasida marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi hamda jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.
AQSH, Vengriya va Germaniya kabi kuchli akademikchilarni ortda qoldirgan jamoamizdan oldingi o‘rinlarni Chili va Italiya vakillari egalladi.
Akademik eshkak eshish bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida sportchilarimiz tarixda ilk bor ushbu natijani qayd etganligini O‘zbekiston akademik eshkak eshish sportining olamshumul yutug‘i sifatida e’tirof etmoq lozim.
T. Ro‘ziyev