Ajratilgan mablag‘lar 155 holatda maqsadsiz sarflangan
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan joriy yilning birinchi choragi davomida ishsizlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash hamda o‘quv markazlari xarajatlari uchun 55 milliard 719,5 million so‘m, subsidiyalar uchun 29 milliard 473,1 million so‘m, ishsizlik nafaqalarini to‘lash uchun 10 milliard 121,6 million so‘m va Jamoat ishlari jamg‘armasidan 30 milliard 589,1 million so‘m mablag‘lar moliyalashtirilgan.
Ammo ajratilgan mablag‘larning hammasi ham maqsadli sarflanmagan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva bu haqda ma’lum qildi.
Vazirlikning “Moliyaviy nazorat” bo‘limi tomonidan joriy yil 1-chorak davomida vazirlik huzuridagi jamg‘armalar mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, 6 ta viloyatda 155 ta holatda jami 220 million 990 ming so‘m xato va kamchiliklar aniqlangan.
Jumladan, Jizzax viloyatida 54 ta, Sirdaryo viloyatida 41 ta, Farg‘ona viloyatida 23 ta, Surxondaryo viloyatida 21 ta, Xorazm viloyatida 12 ta hamda Andijon viloyatida 4 ta holatda maqsadsiz sarf-xarajatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Xususan, haq to‘lanadigan jamoat ishlari bo‘yicha 28 ta holatda 31 million 855 ming so‘mlik, ishsizlik nafaqalari bo‘yicha 75 ta holatda 105 million 532 ming so‘mlik, kasbga o‘qitish bo‘yicha 20 ta holatda 19 million 859 ming so‘mlik hamda subsidiyalar ajratish bo‘yicha 32 ta holatda 63 million 745 ming so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan.
Ushbu aniqlangan xato v kamchiliklarning 109 million 822 ming so‘mi aybdor shaxslardan vazirlik jamg‘armalariga qaytarishga erishilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA