Ajdodlar jasorati qalblarda mangu yashaydi
Davlat rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni xalqimizga xos olijanoblik va mehr-oqibatning yorqin ifodasi boʻldi.
Mamlakatimizda ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini eʼzozlash, oʻtganlar ruhini shod etish hamda yosh avlodni maʼnaviy-ahloqiy ruhda tarbiyalashga munosib hissa qoʻshayotgan nuroniy otaxonlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish oʻziga xos anʼanaga aylangan.
Davlat rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni xalqimizga xos olijanoblik va mehr-oqibatning yorqin ifodasi boʻldi.
Fashizm ustidan qozonilgan tarixiy gʻalabaga 75 yil toʻlmoqda. Bu katta davr. Albatta, hayotning oʻz qonunlari bor. Urushdan soʻng 30 mingdan ziyodroq buxorolik ona yurtiga qaytib kelgan edi. Bugungi kunda ularning safi sanoqli, atigi 33 nafari hayot. Shulardan 29 nafari erkak va 4 nafari ayollardir.
Oliya Axmedova Buxoro shahrida umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jaxon urushi qatnashchilaridan biri.
– Bugungi dorilomon kunlarga eson-omon yetib kelishning oʻzi katta baxt, — deydi Buxoro shahar, Naqshband koʻchasi 306 uy 2 xonadonda yashovchi, Oliya buvi. — Bunday tinch va farovon turmushni, yurtimiz ozodligi va obodligini koʻrish koʻplab quroldoshlarga nasib etmadi. Yaratganga behisob shukr, el-yurt ardogʻida shunday tabarruk yoshga yetish baxti nasib qildi.
Oliya Axmedova 1924-yilda tugʻilgan. Bolalik yillari Ikkinchi jahon urushi davriga toʻgʻri kelgan Oliya Axmedova oʻsha zamonning qiyinchiliklari, ocharchiliklarni eslaydi. Urush davrida harbiy tibbiy gospitalga jangohlardagi yaradorlarga tibbiy xizmat koʻrsatganligi haqida gapirib berdi va yoshlarga nasihat berib ilohim, dunyoda tinchlik barqaror boʻlsin, yurtimizga koʻz tegmasin, xalqimizning rizqi butun boʻlsin deb duo qildi. Koʻziga yosh olib dorilomon kunlarga yetganiga shukur qiladi.
Bugungi dunyoda boʻlayotgan noxush holatlarni oynai jahon orqali koʻrib, oʻz fikrini bildirar ekan, davlat rahbarining kuyunchaklik bilan qilayotgan murojaatlariga eʼtiborsiz boʻlmaslikni aytdi. Boshimizdan sinovli kunlar oʻtishiga qaramay Davlat rahbarining urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi qabul qilingan farmonlarini oʻqib yana-da ruhlanganligini taʼkidlaydi.
Darhaqiqat, umrining eng aziz yillarini, yoshlik shijoatini dahshatli urushda qurbon qilgan ajdodlarimizni har qancha ardoqlasak shuncha oz. Ular jasorati qalbimizda mangu yashaydi.