"Aichi-Nagoya–2026": Abdulvahob Rashidov oltin medal sohibi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilayotgan XX Osiyo o‘yinlarida karate bo‘yicha -67 kilogramm vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi.
Ushbu vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Abdulvahob Rashidov dastlabki saralash bosqichida gonkonglik Pan Chenni, chorak finalda falastinlik Mahmud Difallaxni, yarim finalda esa iordaniyalik Abdulrahmon Almasatfani mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.
Hal qiluvchi bahsda hamyurtimiz yaponiyalik Yugo Kozakiga qarshi tatamiga chiqdi. Ushbu bahsda g‘alaba qozongan Abdulvahob Rashidov oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Abdulvahob Rashidov O‘zbekiston delegatsiyasiga XX Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalni taqdim etdi. Ayni paytda delegatsiyamiz hisobida 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali mavjud.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA