Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?
Aholini ro‘yxatga olish mamlakatning ijtimoiy-demografik tuzilishi haqidagi asosiy ma’lumot manbai, rasmiy statistika tizimidagi muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bu aholi soni bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumot olish imkonini beradi. Shuning uchun 2023 yilda mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmokda.
Mazkur tadbir bizga nima beradi? Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi.
Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi. O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi.
Shuni alohida aytish lozimki, aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu – hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala. Aytish joiz, keyingi uch yil davomida mas’ul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shahri, tumanidan tortib mahallasi-yu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasi yaratiladi.
X.Kamaretdinova,
Olmazor tumani statistika bo‘limi bosh mutaxassisi.
O‘zA