Aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish – oliy himmat
Farmon va ijro
bugungi kunda mamlakatimiz aholisi onlayn xizmat ko‘rsatish borasida ko‘nikmalarga ega. Ayniqsa, bunda koronavirus pandemiyasi tufayli fuqarolar ko‘plab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun masofadan turib murojaat qilishga odatlangani ham ayni haqiqatdir.
Toshkent shahridagi Yangihayot tumani davlat xizmatlari bo‘limi boshlig‘i Husniddin Og‘ajonov aholiga xizmat ko‘rsatish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va tizimdagi eng so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Davlat xizmatlari agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga ko‘p vaqt bo‘lmay, zamonaviy, har jihatdan qulay bo‘lgan markazlar, inshootlar xalq xizmatiga topshirilayotganining guvohi bo‘layapmiz, – dedi H.Og‘ajonov. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Shuningdek, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish hamda idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish, davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish, ushbu sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, axborot tizimlari, resurslar va ma’lumotlar bazalarini loyihalashtirish, ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilishga yagona yondashuvlarni ishlab chiqish kabi bir qator vazifalarni bajarish aynan shu agentlik zimmasiga yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 apreldagi “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi tizim faoliyatini yanada takomillashtirishga yo‘l ochdi.
Qarorga muvofiq, 2018 yil 1 iyundan boshlab respublikamiz bo‘ylab joylashgan 14 tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari orqali tajriba tariqasida jismoniy va yuridik shaxslarga 31 turdagi yangi davlat xizmatlarini ko‘rsatish joriy etildi. Masalan, tug‘ilganlikni qayd etish, FHDYO organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish, fuqarolik holati dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish kabilar shular jumlasidandir.
Yangihayot tuman Davlat xizmatlari bo‘limi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bo‘lim tomonidan joriy yilda jami 14 ming 420 aholiga xizmat ko‘rsatilgan. Bunda davlat xizmatlari agentligi bo‘yicha 13620 ta, ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish – 1143 ta, kadastr pasportini shakllantirish – 2680 ta, bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish – 2520 ta, tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatish – 800 tani tashkil etadi.
Hozirgi kunda haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalarini berish yoki almashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bunday qulayliklar bugungi kunda davlat xizmatlari ko‘rsatishni qulaylashtirib, optimallashtirgan holda ish samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir. Bu esa davlat organlari tomonidan xalqqa xizmat qilishning yangi bosqichi, yangi tizimi yaratilgani desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.