Aholi salomatligi muhofazada
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tuman tibbiyot birlashmasi hududda yashovchi 54 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Birlashma tasarrufida 1 ta markaziy shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli poliklinika, 4 ta oilaviy poliklinika, 4 ta oilaviy shifokorlik punkti, shuningdek, olis qishloqlarda 10 ta tibbiyot punkti mavjud.
Chekka hududlarda joylashgan oilaviy poliklinikalarda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tor mutaxassislikdagi shifokorlar bilan birga zamonaviy fizioterapiya, UZI, EKG apparatlari bilan jihozlangan. Tuman markazidan eng olis hudud hisoblangan “Jayxun” oilaviy shifokorlik punkti va 16-oilaviy poliklinikada ishlovchi shifokorlarga qo‘shimcha ustama haq ham to‘lanib, ularga yotoq joy tashkil etilgan.
Kasalliklar turi bo‘yicha hududlar qizil, sariq, yashil toifaga ajratilib, kasallik ko‘paygan joylarda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining malakali shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, kasalligi og‘ir bo‘lgan bemorlarni respublika darajasida davolash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, yotoqda yotgan bemorlarga maxsus mutaxassis shifokorlar tomonidan joyida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Tibbiy xizmat sifatini baholash maqsadida, tuman tibbiyot birlashmasining veb-sayti ishga tushirilib, ushbu sayt orqali tibbiy xizmatlar va so‘rovnomalar o‘tkazib kelinmoqda.
[gallery-29104]
Joriy yilda tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limiga “Mehribon insonlar” jamg‘armasi va xalqaro tashkilotlarning grant mablag‘lari asosida “Bolalar dam olish va fizioterapiya xonasi” tashkil etildi.
Shuningdek, tibbiyot birlashmasi qoshida “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan qiymati 1 milliard 500 million so‘mlik zamonaviy bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, jarrohlik bo‘limi umumiy qiymati 272 million so‘mlik neyroxirurgik asboblar to‘plami, jarrohlik xonasi uchun anesteziya qilishga mo‘ljallangan va elektr toki bilan ishlovchi 1 ta jarrohlik stoli, “Ishonch-2030” dasturi asosida tug‘uruq bo‘limi umumiy qiymati 155 million 987 ming so‘mlik yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun 2 ta elektron o‘lchagich hamda vakumli ekstraksiya asboblari to‘plami bilan ta’minlandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA