Aholi ortiqcha ovoragarchilikdan qutildi...
Andijon viloyati Marhamat tumanida ham bu borada tuman hokimi rahbarligida tuzilgan Ishchi guruh tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 3-aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida karantin sharoitida aholini zarur oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar bilan taʼminlash borasidagi ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Andijon viloyati Marhamat tumanida ham bu borada tuman hokimi rahbarligida tuzilgan Ishchi guruh tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, sektor rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti tuman boʻlimi, savdo tashkilotlari, tadbirkorlar hamkorligida karantin sharoitida aholini eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida koʻchma avtodoʻkonlar tashkil etildi.
Bugungi kunda 96 ta yengil va yuk avtomashinalaridan iborat koʻchma avtodoʻkonlar grafik asosida tumandagi mavjud 65 mahallada yurib, un, oʻsimlik yogʻi, guruch, piyoz, kartoshka singari eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari hamda xoʻjalik mollari savdosini tashkil etmoqda.
– Karantin sharoitida avtodoʻkonlarning tashkil etilganligidan mahallamiz ahli juda xursand, – deydi Gar-gar mahallasida yashovchi uy bekasi Hamidaxon Saidova. – Bu bilan ogʻirimiz ancha yengil boʻldi, bozorga borib turli mahsulotlar olib kelish muammosidan qutuldik. Qiyin bir sharoitda xalqimiz uchun yaratilgan bunday qulayliklar, barchani, ayniqsa, uy bekalarini behad xursand qilmoqda.
Koʻchma avtodoʻkonlar faoliyati karantin hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan barcha tartib-qoidalarga toʻla amal qilgan holda olib borilmoqda.