Aholi murojaati e’tiborsiz qolmadi
Aholi murojaatlarini tinglash, joylarda mavjud muammolarni aniqlash va ularga amaliy yechim topish — xalq bilan ochiq muloqotning muhim mezoni. Yangiyer shahrida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Unda fuqarolarning turli masalalar bo‘yicha murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qabul davomida jami 160 ta murojaat qayd etildi. Shundan 90 tasi Yangiyer shahri, 40 tasi Xovos tumani, 30 tasi esa boshqa hududlarda yashovchi fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Murojaatlarning asosiy qismi aholining kundalik hayoti va ijtimoiy farovonligi bilan bog‘liq masalalarga taalluqli bo‘ldi. Xususan, sog‘liqni saqlash, uy-joy, yer va kadastr, bandlik, moddiy va ijtimoiy yordam, huquqiy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.

Shuningdek, ichki yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash, ko‘chalarni yoritish, ichimlik suvi, gaz va elektr ta’minoti, oqova tizimi hamda chiqindilarni olib chiqish xizmatlari bilan bog‘liq muammolar ham ko‘tarildi. Kredit ajratish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ish bilan ta’minlash, ta’lim va sport sohalariga oid masalalar ilgari surildi.

Har bir murojaat o‘rganilib, tegishli mutasaddi va tashkilotlarga yo‘naltirildi. Masalalarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.

Murojaatning ahamiyati uning qayd etilganida emas, balki amaliy natija bilan yakunlanganida namoyon bo‘ladi. Buni Xovos tumanidagi Karvonsaroy mahallasi aholisining chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish bo‘yicha bildirgan murojaati misolida ham ko‘rish mumkin.

Viloyat hokimi rahbarligida Karvonsaroy mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda aholi tomonidan maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish masalasi ko‘tarilgan edi. Murojaat o‘rganilib, uni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Bugungi kunda Karvonsaroy, Xovosobod va Yettiguzar mahallalarida chiqindi yig‘ish va olib chiqishning yangi tartibi yo‘lga qo‘yildi. Mahallalarga maxsus elektr motoulovlar biriktirilib, ular xonadonlar va tor ko‘chalardan maishiy chiqindilarni yig‘ish ishlarini boshladi.

E’tiborli jihati shundaki, aholi tomonidan bildirilgan taklif qog‘ozda qolib ketmadi. Murojaat asosida mahallalar sharoitiga mos amaliy yechim ishga tushirildi.
Zero, xalq bilan muloqotning haqiqiy natijasi murojaatning qabul qilinganida emas, balki uning ortidan amaliy o‘zgarish yuzaga kelganida namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri