Aholi daromadi va farovonligi oshmoqda (+video)
Aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi Navro‘z mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining aniq va amaliy natijalarini bermoqda.
Mazkur mahalladagi 1 ming 340 ta xonadonda 5 ming 574 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismi chorvachilik, tomorqachilik va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan shug‘ullanadi.
– Mahallamizda aholini kambag‘allikdan chiqarish, daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan davlat dasturlari va Prezident qarorlari asosida tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi hokim yordamchisi Aziz Ergashev. – 2025 yil davomida kam daromadli oilalar reyestrida turgan 82 ta oila ijtimoiy to‘lovlar, maqsadli jamg‘armalar va imtiyozli kreditlar asosida qo‘llab-quvvatlandi. Joriy yilda esa yana 96 ta oilani qo‘llab-quvvatlab, ularni yil yakuniga qadar reyestrdan chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu ishlar mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikda aniq reja asosida olib borilmoqda.
Buning yaqqol misoli sifatida Navro‘z mahallasida istiqomat qiluvchi Shohista Allanazarovani keltirish mumkin. U ikki yil muqaddam kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan bo‘lib, davlat ko‘magi asosida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Unga zamonaviy tikuv mashinasi va overlok uskunasi berildi, yaqinda esa 10 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
– Tikuvchilik bolaligim orzusi edi, – deydi Shohista Allanazarova. – Davlatimiz rahbarining aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tashabbuslari biz kabi uyda o‘tirgan xotin-qizlar uchun katta imkoniyat yaratdi. Hozir nafaqat mahalla, balki bozor uchun ham bolalar va kattalarga mo‘ljallangan mavsumiy kiyim-kechaklar tikib sotyapman. Kelgusida ustoz–shogird an’anasi asosida boshqalarni ham ish bilan ta’minlashni rejalashtiryapman.
[gallery-27432]
Ayni paytda Mirzaobodda tikuvchilik, parrandachilik, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan oilalar soni yil sayin ortib bormoqda. Ularga amaliy yordam ko‘rsatilib, tashabbus va takliflari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, tomorqachilik va dehqonchilikdan samarali foydalanish aholi uchun ishonchli daromad manbaiga aylanmoqda. Navro‘z mahallasi aholisi ixtiyorida jami 17 gektar tomorqa yer maydoni mavjud bo‘lib, ushbu yerlarda yuqori daromadli ekinlar ekish, issiqxona xo‘jaliklari tashkil etish va bir yilda ikki-uch marta hosil olish amaliyoti keng joriy etilmoqda.
– Xonadonimdagi 8 sotix tomorqaning 2 sotixida issiqxona tashkil etganimga ikki yildan oshdi, – deydi mehnat faxriysi Mahmud aka Amanov. – Tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qildim. Erta bahorda bodring, keyin esa pomidorning bozorbop navlarini ekib, hosilni mahalliy bozor va do‘konlarga chiqaraman. Bu orqali yaxshigina daromad topyapman. Eng muhimi, ro‘zg‘or obod va mahsulotlarimiz o‘zimizniki.
Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishlarida tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar aholi faolligini oshirdi. Sertifikatlangan ko‘chatlar xaridining 50 foizi davlat tomonidan qoplanmoqda, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun kompensatsiyalar va eksportbop mahsulot yetishtirgan dehqonlar uchun rag‘batlantirish mukofotlari ham belgilangan.
Shu bilan birga, kambag‘allik reyestrida turgan Sarvinoz Yaxshiboyeva oilasiga chorvachilik yo‘nalishida 20 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi, 7 bosh qo‘y olib, faoliyat yo‘lga qo‘yildi. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida esa o‘nlab oilalar o‘z biznesini boshladi. Jumladan, mahallalik Jamshidxo‘ja Sayidazimov imtiyozli kredit asosida beton qoplamalar, plita va suv quduqlari uchun beton halqalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, 3 ta yangi ish o‘rni yaratdi.
– Imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va maqsadli dasturlar orqali aholini tadbirkorlikka jalb etish, tomorqachilik, chorvachilik va uy mehnati asosida faoliyat turlarini rivojlantirish o‘zining aniq samarasini bermoqda, – deydi hokim yordamchisi Aziz Ergashev. – Natijada ko‘plab oilalar doimiy daromad manbaiga ega bo‘lib, kambag‘allik reyestridan chiqmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va aholining ijtimoiy faolligi izchil oshib bormoqda.
Eng muhimi, ushbu islohotlar Mirzaobod tumani, xususan, Navro‘z mahallasida nafaqat aholining moddiy ahvolini yaxshilashga, balki ularda mehnat qilishga bo‘lgan ishonch, tashabbuskorlik va ertangi kunga bo‘lgan umidni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Erishilayotgan natijalar kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan islohotlar hayotiy, manzilli va barqaror ekanini, eng chekka mahallalarda ham o‘zining ijobiy samarasini berayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qzLkQ8UniPc" title="Aholi daromadi va farovonligi oshmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov, Anvarjon Nazarqulov (video) O‘zA