Aholi bandligini ta’minlash muhim ish
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Biznes-ombudsman tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va bandligini ta’minlashga qaratilgan «Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor» tamoyili asosida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirda bugungi kunda bandligi ta’minlanmagan ishsiz yoshlar, ayollar, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolar ishtirok etdi.
Yarmarkada Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlaridan yirik ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, qurilish korxonalari, tijorat banklari bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 497 nafar yoshga yo‘llanma berilib, doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlariga yoshlar bandligini ta’minlasa ularga beriladigan imtiyozlar haqida tushunchalar berildi.
– Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlari forumida yoshlarda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malakalarini shakllantirish, shu orqali ularni tadbirkorlikka keng jalb etish va bandligini ta’minlash bo‘yicha “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tashabbusini bildirdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori B.Jaqsimov. – Ushbu tashabbus doirasida hududlarda ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-xunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni tashkil etish asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafar ishsiz yoshni biriktirish orqali 2021 yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash vazifasi belgilab berildi.
Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini yanada kengaytirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizmlar tadbiq qilinmoqda. Ushbu sohada yoshlar va tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilayapti.
Masalan, 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi. Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.
“Yoshlar daftari»ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etildi. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha bo‘lgan miqdori «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda Biznes-ombudsman tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ya’ni, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida asossiz aralashuvlarga chek qo‘yish, ularning huquqlarini himoya qilish bilan bir qatorda ushbu soha faoliyatini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy choralar ko‘rilmoqda.
[gallery-3032]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA