Aholi bandligi: raqamlar emas, amaliy ish muhim
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tgan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlarning yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri U.Saburovning ta’kidlashicha, o‘tgan yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 121,2 ming nafar aholi bandligiga ko‘maklashildi. Shundan 32,3 ming nafari ishga joylashtirilib, 58,4 ming nafari jamoat ishlariga, 1,2 ming nafari qishloq xo‘jaligi kooperativiga jalb qilindi.
Bundan tashqari, 4,2 ming nafar kishiga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, 1,9 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Bular uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 71,6 milliard so‘m sarflandi.

Joriy yilda esa, 82,5 ming nafar aholining bandligini ta’minlash rejalanmoqda. Shundan 35,1 ming nafari bo‘sh (vakant) ish o‘rniga, 13,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinadi, 3,2 ming nafari 22 ta kasb, tadbirkorlik va xorijiy tillarga o‘qitiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, tikuvchilik va hunarmandchilik kooperativiga 4,2 milliard so‘m, shaxsiy tomorqalarga 3,0 milliard so‘m, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga dvalat ro‘yxatidan o‘tish, tadbirkorlikka o‘qitish va kredit olishda sug‘urta polisi to‘lovi uchun 529 million so‘m subsidiya ajratish mo‘ljallangan.
– Joriy yilning aprel oyida foydalanishga topshirilishi belgilangan «Ishga marhamat» monomarkazida jami 19 ta kasb hamda 3 ta xorijiy til bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi, – deydi vazirlikning Kasbga o‘qitishni tashkil etish sho‘’ba mudiri Rustem Qaljanov. –Natijada yiliga 1,5 ming nafar fuqaroni o‘qitish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlarni yashirish, ajratilgan subsidiyalardan oqilona foydalanmaslik kabi ayrim muammolar ham qayd etildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA