Aholi bandligi – farovonlik omili
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalar jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalar jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida ana shu maqsadlarga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 15 milliard 800 million dollar miqdorida investitsiya jalb etilib, o‘zlashtirilgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiyalar jalb etish orqali 2015-yilda 50 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Ularning 86,1 foizi qishloq hududlarida tashkil etildi.
Kegeyli tumanida xalq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 7 milliard 258 million so‘m miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Sanoatda 15, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 57, qishloq xo‘jaligi sohasida 13 loyiha amalga oshirildi va 520 qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi.
– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan 10 milliard 71 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi, – deydi xalq deputatlari Kegeyli tumani Kengashi deputati Bayram Iskandarov. – Tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va hajmi ortishi bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratishga ham erishildi. Shuning hisobidan 657 qo‘shimcha ish o‘rni tashkil etildi.
Chimboy tumanida ijtimoiy rivojlantirish dasturi asosida 6 milliard 900 million so‘mlik investitsiya hisobidan 125 loyiha amalga oshirildi. Bu qariyb 500 yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
Mo‘ynoq tumanida ham sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 11, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 5,3 foizga ko‘paydi. Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratilgan 2 milliard 974 million so‘mlik kredit mablag‘lari evaziga sanoat va servis sohasida 55 loyiha amalga oshirildi, 165 yangi ish o‘rni yaratildi. Bandlik dasturiga ko‘ra yaratilgan mingdan ziyod yangi ish o‘rnining aksariyatiga ayollar va kasb-hunar kolleji bitiruvchilari jalb etildi.
Bu mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish, pirovardida aholi bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan doimiy e’tibor samaralaridir.