Aholi bandligi – farovon turmush sari yo‘l
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi va Xatirchi tumani hokimligi hamkorligida “Aholi bandligini ta’minlash dasturi” ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tumanda 6594 nafar ishga joylashishga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolar bor. Ishsizlik darajasi esa 9,8 foizni tashkil etmoqda.
– Joriy yil o‘tgan davri mobaynida 4606 nafar fuqaro tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilgan, ularning 1778 nafari doimiy ishga joylashtirilgan, – deydi markaz direktori Azizbek Boboqulov. – Shuningdek, 434 nafar ishsiz va vaqtincha ish joyini yo‘qotgan fuqarolar jamoat ishlariga jalb qilindi va ularga qariyb 770 million so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, tumandagi ishsiz va band bo‘lmagan 394 nafar fuqaro “Tikuvchilik”, “Payvandlash”, “Elektrik”, “Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish”, “Hunarmandchilik” va boshqa yo‘nalishlarda qisqa muddatli o‘quv kurslariga jalb etildi. Ularning 119 nafari xotin-qizlar, 237 nafari yoshlardir.
[gallery-7455]
Markazga murojaat qilgan fuqarolardan 118 nafari ishsiz, deb e’tirof etilib, ularga 279 million so‘m miqdorida nafaqa to‘lab berildi.
– Tumanda Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan 108 nafar ish bilan band bo‘lmagan aholiga yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, asbob-uskunalar xarid qilish, hunarmand uyushmasiga a’zolik badallari to‘lovini o‘tkazib berish uchun qariyb 595 million so‘m miqdorida maqsadli subsidiyalar ajratildi, – deydi A.Boboqulov. – Bugun asosiy e’tibor ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam soni belgilangan. Ayni paytda tumandagi 119 korxona, tashkilot va muassasada 350 ish o‘rni zaxiraga qo‘yilgan.
OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA