“AgroTarozi” axborot tizimi: fermer mehnatiga munosib baho berishdir
Paxta — daladan xirmongacha yetib kelguncha mehnat, mas’uliyat va aniq hisobni talab qiladigan ne’mat. Uni qabul qilish jarayonidagi har bir kilogramm nafaqat statistik raqam, balki fermerning mashaqqatli mehnati ifodasidir. Shu bois paxta vaznini aniq belgilash, hisob-kitobni shaffof yuritish va inson omilini minimallashtirish bugun agrar sohadagi muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Jizzax viloyatiga ishchi tashrifi davomida Sharof Rashidov tumanidagi “Dafna ifori” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta-to‘qimachilik klasterida o‘tkazilgan respublika seminarida ishtirok etdi. Tadbirda paxta qabul qilish maskanlarida “AgroTarozi” axborot tizimini joriy etish, uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish va raqamli nazoratni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Vazir boshchiligida tashkil etilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri va mas’ullari, barcha viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining aloqador tizim tashkilotlari vakillari, shuningdek, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi paxta qabul qilish maskanlari rahbarlari, “AgroTarozi” tizimiga mas’ul xodimlar, tarozibonlar hamda klasterlar vakillari ishtirok etdi.

— Paxta qabul qilish jarayonida har bir raqam aniq va ishonchli bo‘lishi kerak. Bu, avvalo, fermerning mehnatiga bo‘lgan hurmat va adolatli hisob-kitobning asosidir. Raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirib, har bir jarayonni ochiq va nazorat qilinadigan tizimga aylantirishimiz zarur, — dedi vazir.
Darhaqiqat, daladan qabul qilish maskanigacha bo‘lgan harakatda paxtaning har bir kilogrammi aniq hisobda aks etishi lozim. Chunki tarozidagi kichik bir raqam ham yakuniy hisob-kitobga ta’sir qiladi. Demak, raqamlarning aniqligi fermer mehnatiga berilgan xolis baho, hisob-kitobning shaffofligi esa sohadagi ishonchning muhim mezonidir.
Shu nuqtai nazardan, “AgroTarozi” axborot tizimining paxta qabul qilish maskanlarida joriy etilishi yangi raqamli imkoniyatlarni ishga solmoqda. Tizim elektron tarozilar orqali paxta vaznini raqamli qayd etish, ma’lumotlarni elektron shakllantirish, hisob-kitob jarayonlarini avtomatlashtirish va ularni nazorat qilish imkonini beradi. Bu esa inson omilini minimallashtirib, qabul jarayonini ochiq va kuzatib borish mumkin bo‘lgan tizimga aylantirishga xizmat qiladi.

Seminarda soha mutaxassislari tomonidan “AgroTarozi” axborot tizimidagi yangiliklar va uning amaliy imkoniyatlari batafsil tushuntirildi. Xususan, paxtani qabul qilishda tarozi ko‘rsatkichlarini raqamli qayd etish, ma’lumotlarni elektron shaklda shakllantirish, hisob-kitoblarni avtomatlashtirish va ma’lumotlarni nazorat qilish jarayonlari amaliyotda namoyish etildi.

Ayni jihatdan “AgroTarozi”ni keng joriy etish faqat tarozi ko‘rsatkichlarini raqamga o‘tkazish bilan cheklanmaydi. U paxta qabul qilish jarayonini raqamli hisob-kitob, elektron ma’lumot va nazorat mexanizmlari bilan bir zanjirga bog‘lashni nazarda tutadi. Bunday yondashuv esa sohada aniqlik, shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytiradi.
Bugun agrar sohada raqamlashtirish jarayonlarining kengayib borayotgani ham mazkur yondashuvning strategik ahamiyatini ko‘rsatmoqda. 2025-yilda “AgroMonitoring”, “AgroTarozi”, “Hosil qabuli”, “AgroDoks” va “Ye-urug‘” axborot tizimlari keng joriy qilindi. Xususan, “AgroTarozi” elektron tarozilar orqali paxta va boshoqli don yetishtiruvchilariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Jizzaxda o‘tkazilgan respublika seminarida muhokama qilingan masalalarning mohiyati shundaki, paxta qabul qilish jarayonida har bir kilogrammni aniq hisobga olish, har bir ma’lumotni shaffof shakllantirish va inson omilini imkon qadar kamaytirish orqali fermer mehnatiga munosib baho berishdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri