"Agrobank"da ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda
Joriy yilning o‘tgan davrida “Agrobank” kelib tushgan murojaatlarning 90 foizi kredit masalasida bo‘lib, uning 78 foizida ijtimoiy dasturlarga ko‘ra garovsiz va imtiyozli foizlarda kredit ajratish so‘ralgan.
Aslida ham keyingi vaqtlarda kreditga bo‘lgan talab ortmoqda. Biroq, pandemiya tufayli ayrim kredit turlari muammoliga aylanib qolish xavfi tug‘ilmoqda. Bank jamoasi ana shu havfni tahlil qilish va bartaraf etish borasida ham qator choralar ko‘rmoqda. Xususan, o‘tgan davrda bank sudlarga 848 milliard so‘mlik 19 mingtadan ortiq ariza kiritdi. Uning 10 mingdan oshig‘i qanoatlantirildi. Va qarzdorlarning 112 milliard so‘mlik mol-mulki auksion orqali sotuvga qo‘yildi.
– Kredit olish jarayonining o‘ziga xos tartib, qoidalari bor, –deydi bankning muammoli kreditlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i M.Qiyomov.– Ko‘pchilik mijozlar bugun hujjat topshirib, shu zahoti mablag‘ni olishni hohlaydi. Joriy yilning o‘tgan davrida imtiyozli kredit olishda muammoga duch kelingani haqida yuborilgan murojaatlarning soni sakkiz mingdan oshiq bo‘lsa, joylarga chiqib o‘rganilganda uning 91 foizi asossiz ekaniga guvoh bo‘ldik. Qolgan qismi esa o‘z isbotini topdi va biz muammoni hal etdik.
Ana shunday muammolar, tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, aholi va bank mijozlaridan kelayotgan murojaatlar va ularning yechimlar haqida “Agrobankda ochiqlik va xolislik” mavzusidagi matbuot anjumanida batafsil ma’lumotlar berildi.

Xususan, bank mijozlariga xizmat ko‘rsatish sifati oshirildi, ular uchun qulay bo‘lgan yangi bank xizmat turlari joriy etildi. Misol uchun, kreditlar ajratish jarayonini soddashlashtirish va ortiqcha bo‘g‘inlarni kamaytirish maqsadida vakolatlar oshirildi. Jumladan, hududiy boshqarmalar 300 ming dollar ekvivalentida kreditlarni mustaqil hal etish, tuman filiallari esa 50 ming dollar ekvivalentid bosh bank bilan qo‘shimcha kelishuvsiz mustaqil qaror qabul qilishi mumkin.
Joriy yil 1 apreldan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida arizalar Yagona elektron Platforma orqali qabul qilinmoqda. Bunda fuqarolar online murojaat qilishi va arizaning ijro jarayonlarini kuzatish imkoniga ega. Shuningdek, tadbirkorlarning kreditdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun “revolver” va “eksportchilarga naqd pulda” yangi kredit turlari joriy etildi.
Albatta, bu kabi imkoniyalar bankning asosiy mijozlari bo‘lgan fermerlarga ham yaratilmoqda. Fermer xo‘jaliklari bilan yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlar yetkazib beruvchi ta’minotchilar o‘rtasida hisob-kitoblarni “Humo” korporativ kredit kartalari orqali bajarilishi ularning bankka kelishi, navbat kutishiga ketadigan vaqtini tejamoqda.
Bu borada ko‘plab yangiliklar ustida ishlar davom etmoqda. Misol uchun, fermer xo‘jaliklariga yanada qulaylik yaratish, ularning shikoyat va murojaatlarini oldini olish maqsadida agrotexnik (12 ta) yo‘nalishga to‘lovni 1 ta karta orqali amalga oshirish bo‘yicha tizim ishlab chiqilyapti.
Ayni vaqtda aholi va mijozlarga zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishda qulaylik yaratish maqsadida “Kartomat” qurilmasi joylashtirildi. U orqali dam olish kunlarisiz va kunning istalgan vaqtida bank xodimi ishtirokisiz Viza hamda Xumo plastik kartalarini 3 daqiqa ichida muomalaga chiqarish imkoniyati mavjud.
–Joriy yildagi yirik yangiliklarimizdan yana biri fermerlar maktabi yaratilishi, –deydi "Agrobank" boshqaruvi raisi o‘rinbosari E. Qahhorov. – U yurtimizdagi ilk qishloq xo‘jaligida zamonaviy bilim va malaka beradigan yangicha o‘quv dasturi bo‘lib, chorvachilik, parrandachilik, sabzavot va polizchilik, issiqxona xo‘jaligi hamda biznes, moliya va huquqiy savodxonlik darslari olib boriladi. Birinchi mavsumda o‘qish istagini bildirgan 1700 nafar yoshning 150 nafari sinovlardan o‘tib, o‘qishni boshladi. Ikkinchi mavsum avgustdan sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Arizalar 15 iyulgacha qabul qilinadi.
Bundan tashqari aholi va bank mijozlari bilan yuzma-yuz muloqat qilish maqsadida bank rahbariyati va viloyat boshqarmalari joriy yilning o‘tgan davrida 31 ta tuman va shaharda bo‘lib, aholi bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazdi. Hozirda 373 ta murojaatning 136 tasi qanoatlantirilgan.
Qisqasini aytganda, bank jamoasi bundan keyin ham ishlarni yanada samarali tashkil etishda jismoniy va yuridik shaxslarning har bir murojaatini o‘z vaqtida, qonunchilik talablariga muvofiq ravishda ko‘rib chiqilishi yuzasidan talabchanlikni yanada oshiradi. Hududlarda jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari bilan sayyor qabullar o‘tkazish amaliyoti davom ettiriladi, muammolarni joyida hal etishga e’tibor qaratiladi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA