Agrar sohada qanday ishlar amalga oshirilgan?
Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari hududlarda o‘rganishlar olib bormoqda. Jumladan, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanish va shu orqali aholi bandligini ta’minlashga doir vazifalar ijrosini Sirdaryo viloyati misolida o‘rgandi.
Deputatlar viloyatda agrar tarmoqda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish masalalari bilan qiziqdi.
Viloyatda 2023-yilda qayta foydalanishga kiritilgan yer maydonlari hamda dehqon xo‘jaliklari hisobiga 27,9 ming tonna sabzavot, 27,2 ming tonna poliz, 9,6 ming tonna kartoshka, 2,2 ming tonna dukkakli don, 90 ming tonna moyli ekinlar, 10,3 ming tonna boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan. Ularning 8,3 ming tonnasi eksportga, 6,9 ming tonnasi zaxiraga, 3,4 ming tonnasi urug‘likka hamda 5,5 ming tonnasi boshqa hududlardagi yarmarkalarga yo‘naltirilgan.

Hududda ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 13 ta mahallada paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 60-80 ish o‘rinli tikuv-trikotaj sexlari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, viloyatda yangi dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun paxta va g‘alla maydonlaridan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan ekin yerlar hisobidan aholiga qo‘shimcha 4,5 ming gektar yer maydonlari 9 ming 432 ta lotlarga bo‘lingan holda aholiga tarqatib berilgan. Natijada viloyatda agrar sohada jami 47 ming 669 nafar doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
O‘rganishlar davomida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, dala chetlari va kollektor-drenaj atroflaridagi yerlardan samarali foydalanish borasidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati aholiga tushuntirildi.
M. Komilova, O‘zA