Agrar sohada innovatsiyalar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan aloqalarni kengaytirish muhim.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQSHning Kaliforniya universiteti — UC Berkeley AMENA Center for Entrepreneurship and Development markazi katta ilmiy xodimi, sun’iy intellekt tadqiqotchisi, professor Yahyo Tabesh bilan uchrashdi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini agrar sohaga joriy etish, innovatsion ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi ma’lumotida.
Tomonlar qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt asosida qaror qabul qilish tizimlari, “aqlli” texnologiyalar va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, UC Berkeley bilan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, professor va ekspertlarni O‘zbekistonga jalb etish, talabalar hamda mahalliy mutaxassislar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish, qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda sun’iy intellekt innovatsiya parkini tashkil etish bo‘yicha dastlabki konseptual yondashuv ham taqdim etildi. Mazkur tashabbus doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini agrotexnologiyalar, sanoat, energetika, logistika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘llash, innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda mutaxassislarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish uchun zarur muhitni shakllantirish taklif etildi.
Muloqotning yana bir muhim yo‘nalishi sun’iy intellekt davrida ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Professor Yahyo Tabesh texnologik bilimlar bilan bir qatorda ijodkorlik, axloqiy tafakkur, insonparvarlik va tasavvurni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi ta’limida loyiha asosida o‘qitish, amaliy masalalarni hal etish va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida agrar sohada sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
M. Hojiakbarova, O‘zA