Afv etilgan fuqaroga yer ajratildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mustaqillik bayrami munosabati bilan 65 nafar mahkumga nisbatan afv eʼlon qilish haqidagi Farmoni xalqimizga xos bagʻrikenglik, mehr-oqibat, kechirimlilik kabi olijanob fazilatlarning yana bir tasdigʻi boʻldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mustaqillik bayrami munosabati bilan 65 nafar mahkumga nisbatan afv eʼlon qilish haqidagi Farmoni xalqimizga xos bagʻrikenglik, mehr-oqibat, kechirimlilik kabi olijanob fazilatlarning yana bir tasdigʻi boʻldi. Farmonga asosan jazodan toʻliq afv etilganlarning 4 nafari Qashqadaryo viloyatidan.
Qarshi shahrida viloyat hokimi Zafar Roʻziyev afv etilgan fuqarolar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshligʻi, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, Qarshi shahar hokimi hamda tashkilot va muassasa rahbarlari ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida hokim jazodan ozod etilgan shaxslarning har biri bilan alohida suhbat oʻtkazdi. Ulardan qayerga ishga joylashish masalasi, oʻzlari va oilasidagilarning kayfiyati, roʻzgʻorlaridagi kamchiliklar haqida soʻradi. Tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan insonlarga ularning muammolaridan kelib chiqqan holda yordam koʻrsatish boʻyicha viloyat tashkilotlari rahbarlariga topshiriq berilib, nazoratga olindi.
Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi barcha afv etilganlarni salomatligi boʻyicha uzluksiz tekshiruv olib borish va bepul davolashni oʻz zimmasiga olgan boʻlsa, Qarshi shahar hokimi J.Fozilov afv etilgan Jasur Joʻrayevga tadbirkorlik qilishi uchun sanoat zonasidan 0.10 sotix yer ajratadigan boʻldi.
- Rossiyada ishlab yurgan vaqtlarimda begona shaxslarning aldovlariga uchib shu yoʻlga adashib kirib qoldim, - deydi yakkabogʻlik Shaxboz Boytoʻrayev. – Bugungi uchrashuvda viloyat hokimi ishga joylashtirdi va uyimni taʼmirlab beradigan boʻldi. Jazo muddatini oʻtash davrida oqu qorani ajratdim, islom dinida yovuzlik, buzgʻunchilik, kishilar hayotiga xavf solish mutlaqo qoralanishini tushunib yetdim. Qilmishimdan qattiq pushaymonman. Gunohimni afv etgani uchun Prezidentimizga ming bor tashakkur, endi jinoyat koʻchasiga qayrilib ham qaramayman.
Shuningdek, Qarshi shaharlik Jasur Joʻrayev, Qarshi tumanilik Nurbek Nurmatov va Primov Sultonlar ham ularni ozodlikka chiqarib, xonadonlariga baxt va shodlik ato etgan Prezidentimizga tashakkurlar aytdilar, qaytib xato qilmaslikka vaʼda berdilar.
Qashqadaryo viloyat hokimligi Axborot xizmati.