Afsonaviy “Asteka” stadioni mundial rekordini o‘rnatadi
Jahon chempionatlariga oid muhim faktlar
Ertaga, 11-iyun kuni to‘rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasi — futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati start oladi. 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan mundialda dunyoning 48 ta terma jamoasi 12 ta guruhga bo‘lingan holda bosh sovrin uchun bahs olib boradi.
Chempionatning ilk uchrashuvida Meksika va Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalari maydonga tushadi. Mazkur bahs 11-iyun kuni mamlakatimiz vaqti bilan soat 23:59 da start oladi. Ushbu o‘yinga Mexiko shahrida joylashgan afsonaviy “Asteka” stadioni mezbonlik qiladi.

“Asteka” nafaqat Meksika, balki jahon futbolining eng mashhur arenalaridan biri hisoblanadi. 87 ming nafardan ortiq tomoshabinni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan stadion 1966-yilda qurilgan bo‘lib, keyinchalik bir necha bor modernizatsiya qilingan va so‘nggi yillarda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan.
Bu stadion haqida bejiz to‘xtalmayapmiz. Chunki bundan 40 yil muqaddam, 1986-yilgi Jahon chempionatining ochilish uchrashuvi ham aynan shu arenada o‘tkazilgan edi. O‘shanda amaldagi Jahon chempioni Italiya terma jamoasi Bolgariyaga qarshi bahs olib borgan va uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, “Asteka” jahon futboli tarixida o‘chmas iz qoldirgan stadionlardan biri sanaladi. U 1970 va 1986-yillardagi mundiallarga, shuningdek, mazkur turnirlarning final bahslariga mezbonlik qilgan. 2026-yilda esa ushbu arena uchinchi bor Jahon chempionatining ochilish uchrashuvini qabul qilib, o‘ziga xos rekordni qayd etmoqda.
Darvoqe, futbol muxlislariga yaxshi ma’lum bo‘lgan tarixiy voqealardan biri ham aynan “Asteka” bilan bog‘liq. 1986-yilgi mundialda Argentina terma jamoasi sardori Diyego Maradona Angliyaga qarshi chorak final bahsida qo‘li bilan urgan mashhur golni aynan shu stadionda urgan edi.
“Asteka” bugun ham o‘zining betakror muhiti va boy tarixi bilan jahon futbolining eng nufuzli arenalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Endi esa mazkur stadion yana bir bor mundial tarixining yangi sahifasini ochish arafasida turibdi.
Shu o‘rinda, 1990-yildan buyon bugunga qadar Jahon chempionatlarining ochilish o‘yinlariga mezbonlik qilgan stadionlar va ilk uchrashuvlar haqida ma’lumot berishni lozim topdik.

1990-yilgi Jahon chempionati Italiyaning Milan shahridagi “San-Siro” (Juzeppe Meatssa) stadionida start oldi. “JCH-90” dagi ilk o‘yin - Argentina va Kamerun (0:1) o‘rtasidagi bahs ushbu arenada o‘tkazilgan. Stadion 1926-yilda qurilgan bo‘lib, 1990-yilgi mundial arafasida keng ko‘lamli rekonstruksiya qilingan. Turnir davrida uning sig‘imi qariyb 88,5 ming o‘rinni tashkil etgan.
1994-yil AQSH mezbonlik qilgan mundialda Germaniya va Boliviya (1:0) terma jamoalari Chikagodagi “Soldjer Fild” stadionida o‘ynadi. 1924-yilda foydalanishga topshirilgan mazkur inshoot AQSHdagi eng tarixiy sport arenalaridan biri hisoblanadi. Stadion 2002-2003-yillarda ta’mirlangan bo‘lib, bugungi kunda uning sig‘imi 61,5 ming atrofida.
1998-yilgi Fransiya mundiali Parij yaqinidagi Sen-Deni shahrida joylashgan “Stad de Frans” arenasida boshlangan. Braziliya va Shotlandiya (2:1) o‘rtasidagi bahsga mezbonlik qilgan stadion 1998-yilda qurilgan bo‘lib, 80 mingdan ortiq muxlisni qabul qilish imkoniyatiga ega. Keyinchalik u 1998-yilgi Jahon chempionati finali hamda bir qator yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qildi.
2002-yilda Koreya Respublikasi va Yaponiyada tashkil etilgan mundialning ochilish bahsi Seul shahridagi “Seul Jahon chempionati stadioni”da bo‘lib o‘tdi. Fransiya va Senegal terma jamoalari ishtirokidagi uchrashuv sensatsion natija bilan yakunlangan. O‘shanda senegallik futbolchilar 0:1 hisobida zafar quchgan edi. Darvoqe, o‘yingoh 2001-yilda qurib bitkazilgan va 66 ming 704 tomoshabinga mo‘ljallangan.
2006-yilgi Jahon chempionati Germaniyaning Myunxen shahridagi “Alyans Arena”da boshlandi. Germaniya va Kosta-Rika terma jamoalari ishtirokidagi sermahsul uchrashuv 4:2 hisobida yakunlangan. Zamonaviy arxitektura namunasi sanalgan stadion 2005-yilda qurilgan bo‘lib, mundial davrida 69 ming muxlisni qabul qilish imkoniga ega edi.
2010-yilgi mundial tarixda ilk bor Afrika qit’asida o‘tkazildi. Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahridagi “Sokker Siti” stadionida mezbonlar Meksika bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. 1989-yilda qurilgan, keyinchalik to‘liq rekonstruksiya qilingan ushbu arena qariyb 95 ming tomoshabin sig‘imiga ega. Qizig‘i shundaki, oradan 16 yil o‘tib, 2026-yilgi mundialning ochilish bahsida ham Meksika va Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalari o‘zaro to‘qnash kelmoqda.

2014-yilgi Braziliya mundiali San-Paulu shahridagi “Arena Korintians” stadionida boshlangan. Braziliya va Xorvatiya (3:1) o‘rtasidagi bahsga mezbonlik qilgan stadion 2014-yil arafasida qurib bitkazilgan bo‘lib, mundial uchun uning sig‘imi 68 ming o‘ringa yetkazilgan.

2018-yil Rossiya mezbonlik qilgan Jahon chempionati Moskvadagi “Lujniki” stadionida start oldi. Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi bahs 5:0 hisobida yakunlangan. 1956-yilda qurilgan ushbu arena rekonstruksiyadan keyin 81 mingdan ziyod muxlisni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2022-yil Qatar mundialining ochilish uchrashuvi “Al-Bayt” stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar Ekvador terma jamoasiga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. 2021-yilda qurilgan mazkur zamonaviy arena 68 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, an’anaviy arab chodirini eslatuvchi noyob dizayni bilan ajralib turadi.
Jahon chempionatlarining ochilish uchrashuvlari o‘tkazilgan stadionlar tarixi shuni ko‘rsatadiki, mundial uchun tanlangan arenalar nafaqat sport inshooti, balki mamlakatning zamonaviy qiyofasi va futbol madaniyatini namoyon etuvchi muhim ramz hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Jahon chempionatlari tarixida ochilish uchrashuvi ishtirokchilarini aniqlash tartibi bir necha bor o‘zgargan. Xususan, 1974–2002-yillarda mundialning ilk bahsida amaldagi Jahon chempionlari ishtirok etishi an’ana tusini olgan edi. Shu bois Braziliya, Argentina, Germaniya, Italiya va Fransiya terma jamoalari chempion sifatida turnirni boshlab bergan.
2006-yilgi Jahon chempionatidan boshlab esa mazkur tartib o‘zgartirildi. Amaldagi chempionlarga avtomatik yo‘llanma berish amaliyoti bekor qilinib, ochilish uchrashuvida mezbon mamlakat ishtirok etishi qoidasi joriy etildi. Natijada Germaniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Braziliya, Rossiya, Qatar va Meksika terma jamoalari mundialning birinchi bahsida maydonga tushib, turnirga rasman start berdi.
Jahon chempionatlarining ochilish uchrashuvlariga mezbonlik qilgan arenalar tarixi nafaqat futbol, balki butun boshli davrlar solnomasini o‘zida mujassam etgan. Afsonaviy “Asteka” stadioni esa ana shu tarixning eng yorqin sahifalaridan biri hisoblanadi. Oradan qirq yil o‘tib, mazkur arena yana bir bor mundialning ilk bahsiga mezbonlik qilar ekan, futbol muxlislari navbatdagi tarixiy voqeaga guvoh bo‘lishadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA