Afrika futbolchilari bedarak yo‘qolishda davom etmoqda
Afrika qit’asining Eritreya terma jamoasi xalqaro o‘yinlardan so‘ng futbolchilarining yo‘qolishi bilan yana diqqat markazida. Gap shundaki, jamoaning g‘alabasiga qaramay, 7 nafar futbolchi vatanga qaytmagan.
Esvatiniga qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng, davlat ommaviy axborot vositalari bedarak yo‘qolgan futbolchilar sababli jamoaning yutug‘ini e’lon qilmadi.
Eritreya sport va madaniyat komissiyasi vakili ijtimoiy tarmoqlarda fotosuratlar joylashtirdi, ammo ularda safardan qaytgan futbolchilargina ko‘rsatildi.
Bunday holat Eritreya futbol tarixida ilk marta ro‘y berayotgani yo‘q. 2019-yilda Ugandada bo‘lib o‘tgan Sharqiy Afrika chempionatida yoshlar terma jamoasining yetti nafar futbolchisi o‘yindan so‘ng bedarak yo‘qolgan. 2015-yilda esa o‘n nafar futbolchi Botsvanaga safardan so‘ng vatanga qaytishdan bosh tortishgan. 2013-yilda Uganda hukumati 15 nafar eritreyalik futbolchi va jamoa shifokoriga boshpana bergan. Yanayam qizig‘i, 2009-yilda murabbiy va rasmiy vakildan tashqari butun terma jamoa tarkibi Keniyadan qaytmagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA