Afg‘onistonlik talaba ayollar birinchi o‘quv yilini tugatmoqda
Afg‘onistonlik talaba ayollarning o‘n nafar birinchi guruhi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va BMT TD tomonidan amalga oshirilayotgan "Afg‘on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini Qozog‘iston va O‘zbekistonda ta’lim berish va kadrlarni tayyorlash orqali qo‘llab-quvvatlash" Mintaqaviy loyihasi doirasida O‘zbekistonda agronomiya bo‘yicha texnik va kasb-hunar ta’limi va o‘qitish (TVET) dasturi tayyorgarlik davrini yakunlamoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent davlat agrar universitetida talabalarning Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
TVET dasturi BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

– O‘zbekiston qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlikni qo‘llab-quvvatlaydi va e’tiborini ushbu loyihadagi kabi yangi mobil ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga qaratadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Yusuf Absoatov.
50 nafar afg‘on ayollari 2025 yilgacha Yevropa Ittifoqi tomonidan afg‘on ayollarining oliy va kasb-hunar ta’limi yo‘lidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan 2 million yevro miqdoridagi granti asosida Qozog‘iston va O‘zbekistonda turli xil universitetlarda oliy, texnik va kasb-hunar ta’limi olishadi.
– Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston xalqini tinchlik, xavfsizlik va farovonlik yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Ushbu loyiha nafaqat o‘z vaqtida, balki noyobdir. U Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi transchegaraviy munosabatlarni bunday ta’lim almashish dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlaydi va ushbu qo‘shni mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga yordam beradi. Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston bilan turli sohalar, jumladan, gender tengligi va ta’lim sohasida yaqin hamkorlik qilish orqali mintaqada barqarorlik va tinchlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini amalga oshirishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlot Adrian.
Tadbirda ishtirokchilar va manfaatdor tomonlarga loyihaning borishi, natijalari va rejalashtirilgan faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, olti oylik intensiv o‘zbek tili kursi natijasida hozirgi kunda barcha afg‘on talabalari o‘zlarining o‘qituvchilari va mahalliy do‘stlari bilan o‘zbek tilida muloqot va munozara qilishi mumkin. Talabalar agronomiya bo‘yicha kasb-hunarga yo‘naltirilgan dasturini yakunladi. Ushbu modul muhim ahamiyatga ega, chunki talabalar o‘zbek tilini asosiy fanlardan ancha mustahkamladi va haqiqiy ish sharoitida fermerlar bilan ishlashga tayyorlandi.
– Yaxshi malakaga ega bo‘lgan ayollar yuqori martabali xususiy yoki davlat sektorida ish topishlari kutilmoqda. Ushbu imtiyozlar ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy mavqeini oshirishni, shuningdek, ayollarning sohani rivojlantirish va gender tengligini ta’minlashga qo‘shgan noyob hissalarining muhim modellarini o‘z ichiga oladi, – dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.
“BMT-Ayollari” tuzilmasi bilan birgalikda afg‘onistonlik talabalar uchun Gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qishki va yozgi maktab dasturlari tashkil etildi. Treningda ayollarga biznes g‘oyalarni yaratish va ularni rivojlantirish, shaxsiy rivojlanish, tadbirkorlik to‘g‘risida tushunchalar, boshlang‘ich tashkilotlar, biznes konsepsiyalari, izlanishlar va boshqa rag‘batlantiruvchi imkoniyatlar bo‘yicha resurslar va ko‘nikmalar berildi.
Afg‘onistonlik talabalar akademik mashg‘ulotlardan tashqari, bo‘sh vaqt o‘tkazish, sport va madaniy almashinuv uchun keng imkoniyatlarga ega. O‘zbek-Afg‘on agronom ayollari klubi a’zolarining sa’y-harakatlari bilan agro-biznes ta’limi va elektron tijorat sohasida yangi startap konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. 2021 yil sentyabrdan boshlab afg‘on ayollarining birinchi guruhi agronomiya bo‘yicha kasb-hunar ta’limi dasturida ta’lim oladi, 2023 yil iyul oyida ayollar TVET diplomlari bilan taqdirlanadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA tayyorladi.