Afg‘oniston bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “O‘zbekiston – Afg‘oniston: ikki tomonlama hamkorlikning yangi imkoniyatlari va mintaqaviy sheriklik istiqboli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Afg‘oniston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit hamda ushbu mamlakatning yurtimizdagi elchixonasi vakillari ishtirok etgan tadbir davomida 5-aprel kuni Kobulda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Afg‘oniston” maslahat muloqoti natijaci muhokama qilinib, sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo qiymati uch barobar oshib, taxminan 1,7 milliard dollarga yetgan. Ayni jarayonda ikki davlat uchun yangi imkoniyatlar ochilib, mavjud salohiyatdan yanada unumli foydalanish ehtiyoji kuchaygan.
[gallery-28723]
Xususan, mutaxassislar o‘zaro savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika hamda gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini atroflicha ko‘rib chiqdilar. Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonga faol jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman doirasida MOXI hamda Afg‘oniston TIV huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi o‘rtasida kelishuv imzolandi. Mazkur hujjat nafaqat ikki jamoa, balki umuman mamlakatlarimiz tahlil markazlari o‘rtasida institutsional aloqani mustahkamlashga qaratilgan.
Dilshod Hakimov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA