Advokatura instituti takomillashmoqda
Toshkentda “Advokatura institutini rivojlantirish: Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Toshkentda “Advokatura institutini rivojlantirish: Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tomonidan Adliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan birgalikda tashkil etilgan anjumanda 20 ga yaqin xorijiy davlatdan advokatlar uyushmalari, xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, sohaga ixtisoslashgan taʼlim muassasalari vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Advokatlar palatasi raisi Alim Ernazarov, BMT Taraqqiyot dasturi boʻlim rahbari Komila Muhamedxonova, AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum va boshqalar keyingi yillarda Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasiga muvofiq sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatlar mustaqilligini taʼminlash borasida ulkan saʼy-harakatlar amalga oshirilganini taʼkidladi. Xususan, ayni jarayon bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xalq bilan muloqotning jahon tajribasida kuzatilmagan shakli yoʻlga qoʻyilgani, sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarda Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan odil sudlovga erishish masalasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang ekani eʼtirof etilmoqda.
– Nemis ekspertlari Oʻzbekistonda ilk bor advokatlarning yirik anjumanida ishtirok etmoqda, – dedi Germaniya huquqshunoslari federal assotsiatsiyasining xalqaro huquqiy hamkorlik boʻyicha direktori, doktor Veronika Xorrer. – Anjuman bizda katta taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar muloqot jarayonida juda koʻp foydali maʼlumotlar, yangiliklarga ega boʻldi. Biz ham Germaniya advokatura tizimining bugungi taraqqiyoti haqida taqdimot oʻtkazdik. Germaniyada advokatlar mustaqil faoliyat olib borayotganiga 140-yildan oshdi. Ahamiyatlisi, Oʻzbekistonning advokatura institutini rivojlantirish borasidagi intilishlarini Yevropa davlatlari qoʻllab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga Oʻzbekistondan oʻrganadigan jihatlarimiz yetarli. Kelajakda mamlakatingiz bilan hamkorlikni yanada kengaytirish niyatidamiz.
Konferensiyada advokatura sohasidagi eng soʻnggi yutuqlarga aloqador, sohani yanada rivojlantirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Zamonaviy yuridik taʼlim va amaliyotning dolzarb muammolari yuzasidan tajriba almashildi.
Anjuman davomida xorijiy mutaxassislarning davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatura institutini rivojlantirishga bagʻishlangan maʼruzalari tinglandi. Xorijiy hamkorlar bilan advokatura sohasida tajriba almashish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik oʻrnatish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.