Advokatlik faoliyatining konstitutsiyaviy kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi qoidasi, insonning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadrqimmati oliy qadriyat ekanligi, fuqarolarning sud orqali himoyalanishga bo‘lgan huquqlari o‘z aksini topgan. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi eng avvalo inson huquqi va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan. Shu bois, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalari kabi, sud-huquq tizimini isloh qilishga asosiy e’tibor qaratildi. Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bugungi kunda respublikamizda mustaqil sud tizimini shakllantirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyovning tashabbuslari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlarning izchil amalga oshirilishi davomida O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi va keyingi besh yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan bir qancha vazifalar belgilandi.
Taraqqiyot strategiyasining 19-maqsadida Advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali yuridik yordamga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, o‘tgan 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
«Inson qadri uchun», «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida advokatura institutinini yanada rivojlantirishga talab oshib bormoqda. Fuqarolarning erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi, fuqarolarning sud orqali himoyalanishga bo‘lgan huquqlari, odil sudlov tamoyillari, sud davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i ekanligi, sudlarning mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi qator fundamental, umum e’tirof etilgan xalqaro huquq normalari o‘z aksini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 141-142-moddalarida, Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi. Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi, deb advokatlik faoliyatining konstitutsiyaviy kafolati belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida advokatura sohasida amalga oshirilayotgan islohatlar natijasida 2023 yildan boshlab advokatlik faoliyatini boshlashi uchun 2 yillik yuridik staj talab etishni bekor qilindi. Shu bilan birga huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchi kurs talabalari endilikda advokat yordamchisi sifatida faoliyat yutishi uchun ruxsat etildi. Advokatura sohasini yanada rivojlantirishning davomiyligi sifatida 2024 yil 4 iyunda “Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi” to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qayta tasdiqlandi. Endilikda talabgor advokatlik tuzilmalarida ishdan ajralmagan holda o‘rindoshlik asosida stajirovkani o‘tashlari mumkin bo‘ladi. Natijada bu ko‘pchilik huquqshunoslarga advokat maqomiga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi va mamlakatimizda advokatlar sonining oshishiga sabab bo‘ladi.
Advokatlik faoliyatida Fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini hamda advokatlar va sudyalarning mustaqilligini amalda ta’minlash juda muhimdir. Bu borada muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahbarligida amalga oshirilayotgan ijobiy yangilanishlar yuksak bahoga loyiqdir. Shu jumladan, ochiqlik va transparentlikni ta’minlash, sudyalar va advokatlarning mustaqilligiga erishish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolik jamiyatining asosiy va muhim institutlaridan biri bo‘lgan advokatura zimmasiga inson huquqi va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq vazifa yuklatilgan. Yurtimizda boshqa sohalarda bo‘layotgani kabi advokatura tizimini ham isloh etish bugungi kun davr talabiga aylandi.
Mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda advokatura sohasi alohida o‘ringa ega.
Q.Matkarimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura
kafedrasi dotsenti, Yuridik fanlar doktori