Advokatlarning sud ekspertizasi bilan bog‘liq bilimlari oshirildi
Mutaxassislarning qayd etishicha, sud ekspertizasi bilan bog‘liq bilimlar advokatga ishonch bildiruvchi shaxsning huquqlarini sudda himoya qilishda eng kuchli isbotlash vositalaridan samarali foydalanish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, advokatlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ishlarda shartnoma asosida sud ekspertizasi tayinlashni mustaqil so‘rash huquqiga ega. Shu sababli, ushbu sohadagi bilimlar advokatlik faoliyatining muvaffaqiyatini belgilovchi muhim omil hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining advokatlardan iborat tinglovchilar guruhi uchun X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida amaliyot tashkil etildi.
Advokat avvalo, ekspert oldiga qo‘yiladigan savollarni aniq shaklda tushunishi, xulosasining mazmunini anglashi, uning asoslantirilganligini tahlil qilish hamda ish uchun muhim jihatlarni e’tibordan chetda qoldirmasligi lozim. Bu esa himoya pozitsiyasini taxminlarga emas, dalillar va puxta tahlilga tayangan holda shakllantirishda muhim ko‘mak bo‘ladi.

Mazkur amaliyot nazariy tayyorgarlikni kasbiy faoliyat ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ekspertiza muassasasidagi amaliy ta’lim advokatlarning sohaga oid bilimlarini chuqurlashtirish, ekspertlik faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini yaxshiroq anglash uchun imkoniyat yaratadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA